Andijon davlat tibbiyot institutida birinchi kurs talabalari bilan uchrashuv o'tkazildi
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori birinchi bosqichga qabul qilingan va yotoqxonaga joylashgan yoshlar bilan muloqot qildi.

Andijon davlat tibbiyot instituti rahbariyati va birinchi bosqich talabalari o'rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda oliygoh rektori Madaminjon Madazimov ishtirok etib, talabalar turar joyida yoshlar bilan uchrashdi va ularni talabalik maqomi bilan tabrikladi.
Talabalik yo'lidagi mas'uliyat
Uchrashuv chog'ida professor Madaminjon Madazimov yoshlarning bu kunga yetib kelish yo'lidagi mehnati va intilishlarini e'tirof etdi. Endilikda ularning oldida chuqur bilim egallash, o'z ustida ishlash va sohaga oid zamonaviy ko'nikmalarni o'zlashtirish kabi mas'uliyatli vazifalar turgani ta'kidlandi. Ustozlar har doim yosh mutaxassislarni qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligi bildirildi.
Institut faoliyati haqida raqamlar
Muloqot davomida yoshlarga ta'lim jarayonlari, yotoqxonadagi sharoitlar hamda bo'sh vaqtni foydali o'tkazish yuzasidan tavsiyalar berildi. Talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.
Ayni paytda mazkur institutda 30 dan ortiq ixtisoslashgan yo'nalishlar bo'yicha 12 ming nafarga yaqin yoshlar tahsil olmoqda. Ularning orasida 1,5 ming nafardan ortiq xorijlik talabalar ham bor. Joriy o'quv yilida ilk kursga 1 448 nafar yosh qabul qilinib, shundan 350 nafarga yaqini talabalar turar joyiga joylashtirildi.
Manba: UzA



