Oliy o'quv yurtlarida birinchi bosqich talabalari uchun darslar boshlandi
O'zbekistondagi oliygohlarda 2026/2027-o'quv yili uchun ilk bor talabalikka qabul qilingan yoshlar uchun darslar boshlandi.

Birinchi kurs talabalari uchun o'quv yili boshlandi
Bugun, 7-sentyabr kuni O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarida 2026/2027-o'quv yili uchun birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarga dars mashg'ulotlari boshlandi. Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, joriy o'quv yilida oliygohlarning 209,1 ming nafar 1-bosqich talabasi ilk bor talabalik safiga qabul qilindi.
Yangi o'quv yilining ilk kunida oliy ta'lim muassasalarida O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag'ishlangan "Kelajak soati" ma'rifiy darslari o'tkazildi. Mazkur darslarda yoshlarga mamlakatning mustaqillik yillarida bosib o'tgan taraqqiyot yo'li, amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda yoshlarning kelajakni barpo etishdagi o'rni haqida so'z yuritildi. Dastlabki o'quv haftaligida birinchi kurslar uchun "Birinchi kurs maktabi", "Kredit-ta'lim tizimiga kirish" haftaligi hamda "Talabalikka bag'ishlov" tadbirlari tashkil etilmoqda. Yuqori bosqich talabalari uchun darslar 14-sentyabrdan boshlanadi.
Talabalar uchun yaratilgan sharoitlar
Yangi o'quv yili arafasida infratuzilmani yaxshilash maqsadida 13 ta oliy ta'lim muassasasida jami 6 200 o'rinli yangi talabalar turar joyi hamda 3 500 o'rinli o'quv binosi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, talabalarni turar joylarga tizimli joylashtirish uchun tezkor shtablar, "Qalqon" guruhlari va Call-markazlar faoliyati yo'lga qo'yildi. 408 ta talabalar turar joyidagi 167 ming o'ringa talabalarni joylashtirish ishlari davom etmoqda.
O'tgan yillar mobaynida oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi. Shundan 99 tasi davlat oliy ta'lim tashkiloti, 74 tasi nodavlat va 32 tasi xorijiy oliy ta'lim tashkilotlaridir. Shuningdek, respublikada 10 ta texnika oliygohi qayta tashkil etildi. Yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga oshirilib, talabalar soni 1,6 mln nafardan oshdi. Shundan 904 ming nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Manba: UzA



