Andijonlik talaba imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus markaz ochdi
Andijon davlat pedagogika instituti talabasi tashabbusi bilan imkoniyati cheklangan bolalar uchun kunduzgi parvarish muassasasi tashkil etildi.

Andijon davlat pedagogika instituti oligofrenopedagogika yo'nalishi 3-bosqich talabasi Imonaxon Habibullayeva o'z yashash manzili Qo'rg'ontepa tumanidagi Savay mahallasida “Nurli qalblar” nomli kunduzgi parvarish muassasasini ochdi. Hozirgi kunda ushbu markazda 50 nafardan ortiq jismoniyati cheklangan bolalar maxsus parvarish va rivojlantiruvchi mashg'ulotlar bilan qamrab olingan.
Talabalar bandligi va amaliyot maydoni
Muassasada jami 25 nafar xodim mehnat qilmoqda bo'lib, ularning 6 nafari aynan Andijon davlat pedagogika instituti talabalaridir. Talabalar bir vaqtning o'zida o'qishni davom ettirib, amaliy faoliyat orqali o'zlarining kasbiy ko'nikmalarini mustahkamlab bormoqda. Mazkur tashabbus ta'lim, amaliyot hamda tadbirkorlik uyg'unligining amaldagi yorqin namunasiga aylanib, 25 kishining bandligini ta'minladi va yoshlar uchun amaliy tajriba maydonini yaratdi.
Rektor tashrifi va yangi hamkorlik
Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyor Rasulov “Nurli qalblar” parvarish muassasasida bo'lib, u yerdagi sharoitlar hamda bolalar ishtirokidagi mashg'ulotlarni ko'zdan kechirdi. Tashrif davomida rektor dual ta'lim asosida o'qib, bir vaqtning o'zida ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashib, ularning rejalari bilan qiziqdi.
O'rganishlar yakuniga ko'ra, mazkur maskanni institutning rasmiy amaliyot bazasiga aylantirish va faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan taklif ilgari surildi. Shundan kelib chiqib, oliy o'quv yurti va parvarish muassasasi o'rtasida o'zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu esa maxsus pedagogika yo'nalishida tahsil olayotgan talabalarning o'z bilimlarini amaliyotda sinab ko'rishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Manba: UzA



