Samarqandda kasbiy ta'lim fidoyilari va ustozlar bayram munosabati bilan taqdirlandi
1-oktabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Samarqandda bir guruh kasb-hunar ta'limi xodimlari mukofotlandi.

Samarqand viloyati kasbiy ta'lim boshqarmasi tomonidan 1-oktabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi. Unda yosh avlodni kasb-hunarli qilib yetishtirishda va tizim rivojida fidoyilik ko'rsatib kelayotgan ustoz-murabbiylar ishtirok etdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi o'rinbosari Husan To'xtayev va viloyat kasbiy ta'lim boshqarmasi boshlig'i Aziz Nasimov so'z olib, yig'ilganlarni kasb bayrami bilan tabrikladi hamda mamlakat iqtisodiyotida kasbiy ta'limning o'rni muhimligini qayd etdi. Shundan so'ng sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan bir guruh o'qituvchilarga Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “O'rta maxsus va professional ta'lim a'lochisi” ko'krak nishonlari topshirildi.
Ilg'or ustozlarning erishgan yutuqlari
Tadbir davomida o'z faoliyatida yuqori natijalarga erishib kelayotgan pedagoglar o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi. Xususan, Nurobod tumanidagi 2-texnikumning ishlab chiqarish ta'limi ustasi, olti yildan buyon sartaroshlik yo'nalishida faoliyat yuritib kelayotgan Zebiniso Turdiboyeva maishiy xizmatlar sohasiga talab yuqoriligini va texnikumda o'quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta'kidladi. Uning shogirdlari “Yangi O'zbekiston bunyodkorlari” kasblar festivalida muvaffaqiyatli qatnashib, pul mukofotlarini qo'lga kiritgan.
Shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi Payariq tumani jamoat salomatligi texnikumi katta o'qituvchisi Dildora Yo'ldosheva 15 yillik faoliyati davomida mingdan ortiq yoshlarni kasbga yo'naltirganini bildirdi. Uning o'quvchisi Muxlisa Usmonova “Yangi O'zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining respublika bosqichida ikkinchi o'rinni egallagan. Ushbu yutuq uchun o'qituvchiga 33 million, o'quvchiga esa 6 million so'm miqdorida pul mukofoti berilgan.
Manba: UzA


