Toshkentda vaqt va chastota metrologiyasi bo'yicha xalqaro yozgi maktab boshlandi
O'zbekiston milliy metrologiya instituti mezbonligida 25 ta davlat mutaxassislari qatnashayotgan xalqaro yozgi maktab o'z ishini boshladi.

Toshkent shahrida vaqt va chastota metrologiyasi yo'nalishiga bag'ishlangan "BIPM–COOMET UTC Summer School" xalqaro yozgi maktabi o'z faoliyatini boshladi. 28-sentabr kuni start olgan ushbu nufuzli tadbir O'zbekiston milliy metrologiya instituti mezbonligida tashkil etilgan bo'lib, "Bureau International des Poids et Mesures", "COOMET TC 4", "Information and Training" tashkilotlari hamkorligida o'tkazilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik va ilmiy tashabbusga “IEEE UFFC” homiylik qilmoqda.
Ishtirokchilar va maqsad
O'zbekistonda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro yozgi maktabda 25 ta xorijiy davlatdan jami 31 nafar vakil qatnashmoqda. Ulardan 11 nafari soha bo'yicha xalqaro ekspertlar va lektorlar sifatida jalb etilgan bo'lsa, qolgan 20 nafari ushbu yo'nalishdagi bilim hamda amaliy ko'nikmalarini oshirayotgan mutaxassislardir. Tadbirning asosiy ko'zlagan maqsadi “UTC” va “UTC(k)” vaqt shkalalarini shakllantirish, ularni o'zaro solishtirish hamda uzatish, yuqori aniqlikdagi vaqt va chastota o'lchovlarini bajarish hamda metrologik kuzatuvchanlikni ta'minlash bo'yicha zamonaviy bilim va ko'nikmalarni rivojlantirishdan iborat.
Dastur va yo'nalishlar
Uch kun davom etadigan yozgi maktab dasturidan "UTC" va "UTC(k)" vaqt shkalalari, atom soatlari, “GNSS” texnologiyalari orqali vaqt va chastotani uzatish, metrologik kuzatuvchanlik, o'lchashdagi noaniqliklarni baholash, statistik tahlillar hamda zamonaviy vaqt-chastota texnologiyalariga oid ma'ruzalar va amaliy mashg'ulotlar o'rin olgan. Ishtirokchilar xalqaro mutaxassislar bilan tajriba almashish va sohadagi eng yangi yondashuvlarni o'rganish imkoniyatiga ega bo'lmoqdalar.
"BIPM–COOMET UTC Summer School" 28–30-sentabr kunlari davom etadi. Mazkur xalqaro tadbir vaqt va chastota metrologiyasi sohasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg'or tajribalarni tatbiq etish va milliy metrologiya institutlari mutaxassislarining kasbiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Manba: UzA



