AQSHning uchta universitetidan grant yutgan samarqandlik o'quvchi tajribasi
Samarqandlik o'quvchi Dilnura Toshtemirova AQSHning uchta oliygohidan umumiy 280 ming dollarlik grant oldi.
Samarqand shahridagi 16-maktabning 11-sinf o'quvchisi Dilnura Toshtemirova chet el universitetlariga hujjat topshirish va grant yutish sir-asrorlari haqida so'zlab berdi. U joriy yilning fevral oyida AQSHning uchta nufuzli oliygohiga o'qishga qabul qilinib, yirik miqdordagi ta'lim grantlarini qo'lga kiritdi.
AQSH oliygohlaridan grantlar
Qayd etilishicha, o'quvchi qiz Queens University of Charlotte, Loyola University New Orleans hamda Central Michigan University universitetlariga muvaffaqiyatli hujjat topshirgan. U Queens University of Charlotte va Loyola University New Orleans oliygohlarining har biridan 120 ming dollardan, Central Michigan University'dan esa 40 ming dollarlik grant taklifini olgan. Natijada uning umumiy grant miqdori 280 ming dollarni tashkil etdi. Mazkur natijaga o'rtacha GPA ballari va til sertifikatlari yordamida erishilgan.
Sertifikatlar yetarli emas
Abituriyentlar orasida yuqori balli IELTS yoki SAT bo'lsa, dunyoning istalgan top universitetiga eshiklar ochiq degan noto'g'ri qarash keng tarqalgan. Dilnuraning fikricha, til sertifikatlari faqatgina bazaviy talab bo'lib, ular orqali chet ellik boshqa talabalar bilan teng sharoitga ega bo'lasiz, xolos. Ingliz tilini bilish yoki yuqori IELTS va SAT ballari bilan darhol barcha joyga kirib bo'lmaydi. Boshqa abituriyentlardan ajralib turish uchun boshqa ustun jihatlarni ko'rsatish zarur.
Amaliy loyihalar va faollik
Grant yutishda darsdan tashqari faoliyat, ya'ni extracurricular activities muhim rol o'ynaydi. Universitetlar abituriyent tanlagan sohaga qanchalik qiziqishi, shu yo'nalishda qanday loyihalar amalga oshirgani va jamiyatga foyda keltiradigan tashabbus ko'rsatganiga alohida e'tibor qaratadi. Dilnura 10-sinfdan boshlab o'z sohaga yaqin fanlarga va baholarga jiddiy yondashganini ta'kidlagan.
Manba: Kun.uz


