O'qituvchilarning amaldagi sertifikatlari muddati tugamaguncha malaka toifasi tushirilmaydi
Pedagoglarning amaldagi sertifikatlari amal qilish muddati yakuniga yetmagunicha ularning malaka toifasi tushirilmasligi va toifa bo'yicha haq to'lanishi davom etishi ma'lum qilindi.
Pedagog kadrlar har besh yilda bir marotaba navbatdagi majburiy attestatsiyadan o'tkazilishi belgilangan. 2021-yilgacha bo'lgan davrda o'qituvchilarga attestatsiya natijalari asosida malaka toifalarini tasdiqlovchi sertifikatlar qog'oz shaklida hududiy boshqarmalar tomonidan rasmiylashtirilib, egalariga topshirilgan edi.
Ushbu sertifikatlar respublika bo'ylab turli sanalarda berilganligi sababli, ularning besh yillik amal qilish muddatining tugashi 2026-yilning turli oylariga to'g'ri kelmoqda. Ma'lumki, bahorgi attestatsiya jarayoni odatda yanvar–iyun oylarida o'tkazilib, natijalarga ko'ra yangi sertifikatlar iyun oyida beriladi. Shu sababli, 2021-yilning iyul–avgust oylarida sertifikat olgan ayrim pedagoglarning hujjatlari amal qilish muddati yangi o'quv yili boshlanishidan oldin yakuniga yetadi.
Attestatsiyada ishtirok etish imkoniyati
Pedagoglarga malaka toifasi sertifikatlari muddatlarida uzilish yuzaga kelishining oldini olish maqsadida imkoniyat yaratilgan. Unga ko'ra, sertifikati muddati yangi o'quv yili boshlanguniga qadar tugaydigan o'qituvchilarga bahorgi attestatsiyada majburiy attestatsiya turi bo'yicha hech qanday to'lov undirilmagan holda qatnashish imkoniyati mavjud. Bunda pedagoglar kuzgi attestatsiyani kutmasdan, bahorgi attestatsiya jarayonlarida bevosita ishtirok etishlari mumkin.
Vazirlik munosabatida ta'kidlanishicha, malaka toifasi sertifikatlarining amal qilish muddati bo'yicha hech qanday qisqartirish yoki o'zboshimchalik bilan o'zgartirish amalga oshirilmagan. Pedagoglarning amaldagi sertifikatlari muddati yakuniga yetmaguniga qadar ularning malaka toifasi hamda lavozimi tushirilmaydi va amaldagi toifa bo'yicha haq to'lanishi to'liq davom etadi.
Manba: Kun.uz



