Ayrim pedagogika yo'nalishidagi OTMlar Oliy ta'lim vazirligi tasarrufiga o'tkazildi
Prezident qaroriga binoan, qator pedagogika OTMlari va ixtisoslashtirilgan universitetlar Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o'tkazildi.

Prezidentning “Ayrim davlat oliy ta'lim ta'lim muassasalarining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan bir qator oliygohlar Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufiga o'tkazildi. Mazkur o'zgarish sohaga yagona davlat siyosatini joriy etish, boshqaruvni yanada samarali tashkil qilish hamda oliy ta'lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.
O'tkaziladigan ta'lim muassasalari
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi quyidagi oliy ta'lim muassasalari Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga topshirildi:
- Andijon davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Guliston davlat pedagogika instituti;
- Jizzax davlat pedagogika universiteti, Kattaqo'rg'on davlat pedagogika instituti, Namangan davlat pedagogika instituti;
- Nizomiy Ganjaviy nomidagi O'zbekiston milliy pedagogika universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, Samarqand davlat pedagogika instituti;
- Termiz davlat pedagogika instituti, Toshkent shahridagi Puchon universiteti, Urganch davlat pedagogika instituti;
- Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Shahrisabz davlat pedagogika instituti, "Yangi O'zbekiston" universiteti;
- Al-Xorazmiy universiteti, Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chettillari instituti.
Shuningdek, Nizomiy nomidagi O'zbekiston milliy pedagogika universiteti nomi o'zgartirilib, endilikda Nizomiy Ganjaviy nomidagi O'zbekiston milliy pedagogika universiteti deb yuritiladi. Shu bilan birga, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi markaziy apparatidagi vazirning pedagogik ta'limni rivojlantirish masalalari bo'yicha o'rinbosari hamda O'zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimi tugatildi.
Vakolatlarning taqsimlanishi
Pedagog kadrlar tayyorlash yo'nalishidagi qator asosiy vazifalar Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligidan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga o'tkazildi. Bular jumlasiga quyidagilar kiradi:
- yagona konseptual yondashuv asosida oliy ma'lumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yuritish;
- pedagogik ta'lim sohasini rivojlantirishning asosiy yo'nalishlarini belgilash;
- ta'lim jarayoniga ilg'or pedagogik va axborot texnologiyalarini tatbiq etish, ta'limning uzluksizligini ta'minlash;
- pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish;
- kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalarining boshqaruv tizimini takomillashtirib borish.
Manba: UzA



