Bitiruvchilari eng yuqori natija ko'rsatgan oliygohlar reytingi e'lon qilindi
Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi bitiruvchilar sifati indeksi natijalariga ko'ra eng yuqori ko'rsatkich qayd etgan 20 ta oliygoh ro'yxatini e'lon qildi.
Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi tomonidan bitiruvchilar sifati indeksi natijalari e'lon qilindi. Mazkur reytingga jami 20 ta oliy ta'lim muassasasi kiritildi.
Yo'nalishlar bo'yicha eng yuqori natijalar
Oliygohlar turli toifalar kesimida baholanib, quyidagi ko'rsatkichlar qayd etildi:
- Ijtimoiy-gumanitar yo'nalishda 11 ta;
- Amaliy fanlar yo'nalishida 5 ta;
- Tibbiyot hamda ijod va sport yo'nalishlarida 2 tadan oliygoh yuqori natija ko'rsatdi.
Yetakchi universitetlar
Jumladan, ijtimoiy-gumanitar yo'nalishda Toshkent shahridagi Vebster universiteti 76,3 ball to'plagan holda birinchi o'rinni egalladi. Amaliy fanlar bo'yicha Toshkent shahridagi Inha universiteti 74,2 ball natijani qayd etdi.
Tibbiyot fanlari yo'nalishida Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filiali 74 ball to'plagan bo'lsa, ijod va sport fanlari yo'nalishida O'zbekiston davlat konservatoriyasi 81,5 ball bilan eng yaxshi natijani ko'rsatdi. Shuningdek, barcha oliygohlar orasida eng yuqori ball aynan O'zbekiston davlat konservatoriyasiga nasib etdi.
Manba: Kun.uz



