Jizzaxdagi bog'chada xorijiy tajriba asosida yangi ta'lim yondashuvi sinovdan o'tkazilmoqda
Jizzax shahridagi 12-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida bolalarni o'yin va ilg'or xorijiy tajribalar asosida o'qitish yo'lga qo'yildi.

Bolalarning kelajagi ularning ilk qiziqishlari va mustaqil harakatlariga tayanadi. Shu bois maktabgacha ta'lim tizimida bolalarga tayyor bilim berishdan ko'ra, ular uchun mustaqil kashfiyot muhitini yaratish masalasi dolzarb bo'lib bormoqda. Jizzax shahridagi 12-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida “O'zbekiston — mening Vatanim!” shiori ostida tashkil etilgan “Salom, bog'cha!” tadbiri ana shunday zamonaviy yondashuvlardan biri bo'ldi. Bayramona tadbirda pedagoglar, ota-onalar, mahalla faollari va nuroniylar qatnashdi.
Ta'lim jarayoni va ilg'or yondashuvlar
Jami 180 o'ringa mo'ljallangan mazkur muassasada oltita guruh faoliyat yuritib, ta'lim-tarbiya jarayoni “Ilk qadam” davlat o'quv dasturi asosida olib boriladi. Muassasada o'yinga asoslangan ta'lim, rivojlanish markazlari hamda bolalarni kasblarga yo'naltirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
DMTT direktori Mamlakat Ermatovaning so'zlariga ko'ra, bolaning faqat tayyor bilimni o'zlashtirishi emas, balki mustaqil izlanishi va o'z qobiliyatini namoyon etishi muhim hisoblanadi. Shu maqsadda rivojlanish markazlarida bolalarga erkin faoliyat yuritish imkoniyati yaratilmoqda. Bunda Xitoy tajribasining bolani o'yin orqali rivojlantirish, qiziqishlarini erta aniqlash va jamoada ishlashga o'rgatish kabi jihatlari qo'llanilmoqda.
Davlat siyosati va amaliy tajriba
Mazkur tashabbus O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida belgilangan vazifalar bilan hamohangdir. Hujjatda xorijiy tajribalar asosida ta'limni takomillashtirish, o'yinga asoslangan ta'limni joriy etish hamda “Bola, o'yin va pedagog” loyihasini amalga oshirish belgilangan bo'lib, 2026–2028-yillarda “Yangi avlod” maktabgacha ta'lim tashkilotlarini barpo etish ko'zda tutilgan.
Respublikada bu borada dastlabki ijobiy tajribalar allaqachon shakllangan bo'lib, jumladan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi 14-sonli DMTTda ham Xitoy tajribasi asosida robototexnika, tikuvchilik, pazandalik, qurilish, dehqonchilik va dizaynerlik yo'nalishlari yo'lga qo'yilgan.
Oila va mahalla hamkorligi
Jizzax shahridagi 12-sonli bog'chada amalga oshirilayotgan tajriba milliy qadriyatlar va “Ilk qadam” dasturi bilan uyg'unlashtirilmoqda. Tadbir davomida “O'ratepalik” mahalla fuqarolar yig'ini vakillari, ota-onalar va nuroniylarning qatnashgani bola tarbiyasida bog'cha, oila hamda mahalla hamkorligi muhimligini ko'rsatdi. Kelgusida bunday samarali tajribalarning eng ilg'or jihatlarini respublika miqyosida ommalashtirish asosiy vazifalardan biri etib belgilangan.
Manba: UzA

