Bolalarga zo'ravonlik qilgan o'qituvchilar ta'lim tizimiga 1 yilga kiritilmaydi
Ta'lim muassasalarida bolalarga nisbatan noqonuniy xatti-harakat sodir etgan pedagoglarning faoliyatiga bir yillik cheklov o'rnatilmoqda.
Bolalarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgan pedagog xodimlarni ta'lim tizimidan vaqtincha chetlashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilinmoqda. Mazkur hujjat Qonunchilik palatasidan o'tgan bo'lib, hozirgi vaqtda Senat tomonidan ko'rib chiqilmoqda.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma'lum qilishicha, ilgari zo'ravonlikka yo'l qo'ygan o'qituvchilar faqat ishdan bo'shatilib, boshqa ta'lim dargohida o'z faoliyatini davom ettirishi mumkin edi. Yangi tartibga ko'ra, bunday holatlarda shaxslarning ta'lim tizimida ishlashiga bir yillik cheklov o'rnatiladi. Ushbu taklif davlat rahbarining 201-sonli farmoni doirasida ma'qullanib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Psixologik tekshiruv va videokuzatuv zarurati
Ombudsmanning ta'kidlashicha, ta'lim muassasalariga ishga qabul qilinayotgan xodimlarni psixologik tekshiruvdan o'tkazish talab etiladi. Bolalar bilan ishlash jarayoni yuqori darajadagi emotsional barqarorlikni talab qilgani bois, depressiya yoki agressiya holatidagi shaxslar bu muhitda xavf tug'dirishi mumkin. Shuningdek, mazkur yo'nalishdagi yana bir muhim mexanizm sifatida ta'lim muassasalarida videokuzatuv tizimlarini joriy etish lozimligi qayd etildi.
Manba: Kun.uz


