Boshlangich talim oqituvchilariga milliy sertifikat berish tartibi tasdiqlandi
2026/2027 oquv yilidan boshlab boshlangich talim oqituvchilariga milliy sertifikat berish tizimi joriy etiladi va ustamalar tolanadi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Milliy sertifikat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatga asosan, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab qator yangi yo'nalishlar va tartiblar amaliyotga tatbiq etiladi.
Yangi sertifikatlash tizimlari
Qarorga ko'ra, quyidagi yo'nalishlar bo'yicha milliy sertifikat berish tizimi yo'lga qo'yiladi:
- boshlang'ich ta'lim o'qituvchilarining bilim darajasi va pedagogik mahoratini aniqlash hamda ularga sertifikat berish;
- huquqshunoslik fanini bilish darajasini aniqlash va milliy sertifikat berish;
- xitoy, koreys, yapon, ispan, italyan, fors, dari, pushtu, urdu, hindiy va uyg'ur tillaridan chet tilini bilishning ko'p darajali test tizimi.
Shu bilan birga, Boshlang'ich ta'lim o'qituvchilariga milliy sertifikat berish bo'yicha malaka imtihonlarini o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizomda malaka imtihonlarini tashkil etish, topshirish jarayonlari va natijalarini baholash, sertifikat berish hamda uning reyestrini yuritish tartiblari belgilab berildi. Shuningdek, talabgorlarning apellyatsiya shikoyatlarini ko'rib chiqish, davlat xizmatlarini ko'rsatish uchun to'lovni amalga oshirish va qaytarish qoidalari ham tasdiqlandi.
Imtihon jarayonlari va imtiyozlar
Boshlang'ich ta'lim o'qituvchilarining bilim darajasi va pedagogik mahoratini aniqlash bo'yicha sinovlar Agentlikning “onlayn test” axborot tizimi orqali tashkil etiladi. Imtihon natijalariga ko'ra talabni bajargan o'qituvchilarga uch yil muddatga amal qiladigan A+, A, V+, V, S+, S darajali elektron sertifikatlar beriladi.
2026/2027 o'quv yilidan boshlab V+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo'lgan, boshlang'ich sinflarda dars beruvchi boshlang'ich ta'lim mutaxassisligiga ega o'qituvchilarga Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan har oyda lavozim maoshiga 15 foiz miqdorida qo'shimcha ustama to'lab boriladi. Ushbu ustama sertifikatning amal qilish muddati davomida beriladi. Ikki oy muddatda umumiy o'rta ta'lim tashkilotlari boshlang'ich ta'lim o'qituvchilariga ushbu tizimni joriy etish bilan bog'liq seminarlar va targ'ibot tadbirlari tashkil qilinishi belgilandi.
Manba: UzA
