Buxoro davlat universiteti Tojikiston OTMlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
BuxDU va Tojikiston oliy ta'lim muassasalari o'rtasida ilm-fan, ta'lim va xalqaro hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda.

Buxoro shahri qadimdan o'zbek va tojik xalqlarining hamjihatlik, ilm-fan hamda madaniyat markazlaridan biri bo'lib kelgan. Hozirgi kunda Buxoro davlat universiteti bu tarixiy an'analarni zamonaviy ta'lim talablari asosida davom ettirib, Tojikistonning yetakchi oliygohlari bilan strategik aloqalarni mustahkamlab bormoqda.
Ta'lim yo'nalishi va xalqaro aloqalar
Universitetning filologiya fakulteti qoshidagi “Filologiya va tillarni o'qitish: tojik tili” yo'nalishida bugungi kunda 50 nafar talaba tahsil olmoqda. Tajribali professor-o'qituvchilar yoshlarga tojik tili va adabiyoti bo'yicha zarur nazariy va amaliy bilimlarni bermoqda. 2024-yilda Tojikiston Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzodaning BuxDUga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Universitet rektori Obidjon Hamidov bilan o'tkazilgan muloqotda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi va Axborot-resurs markaziga tojik tilidagi nodir adabiyotlar topshirildi.
Qo'shma loyihalar va olimpiadalar
Oliygoh va qo'shni mamlakat universitetlari o'rtasidagi sheriklik xalqaro miqyosda ham samarali davom etmoqda. Jumladan, o'tkazilgan “BIMO-2026” hamda “BICHO-2026” xalqaro olimpiadalarida tojikistonlik yoshlar faol qatnashdi. Tojikiston milliy universiteti dotsenti Shuhrat Rajabov ham xalqaro ekspert sifatida jarayonlarga jalb etildi.
Shuningdek, ta'lim dargohida “Ayniy vorislari” xalqaro elektron jurnali ishlab, tojikistonlik olimlarning ilmiy maqolalarini keng yoritib kelmoqda. Xo'jand davlat universiteti, Tojikiston xalqaro turizm va tadbirkorlik universiteti hamda Panjikent davlat pedagogika instituti bilan birgalikda qo'shma ta'lim dasturlari, ERASMUS+ loyihalari va “Yozgi maktablar” muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Manba: UzA



