Buxoro maktablarida yangi o'quv yilida xorijiy pedagoglar faoliyat boshladi
Buxoro viloyatidagi umumta'lim maktablarida yangi o'quv yili boshlanishi munosabati bilan xorijlik mutaxassislar o'z ishini boshladi.

Buxoro viloyatida yangi o'quv ostonasi ochilishi munosabati bilan barcha umumta'lim maktablarida an'anaviy "Birinchi qo'ng'iroq" tadbirlari ko'tarinki ruhda o'tkazildi. Yangi o'quv yilining ilk kunlari maktabga ilk bor qadam qo'ygan o'quvchilar, ularning ota-onalari hamda ustozlar uchun quvonchli lahzalarga boy bo'ldi. Maktablarda yangragan ilk qo'ng'iroq sadolari o'quvchilarni yangi bilimlar sari chorladi.
Viloyatda ta'lim sifatini oshirish va o'quvchilarning xorijiy tillarni puxta o'zlashtirishiga ko'maklashish maqsadida umumta'lim maktablariga xorijiy pedagoglarni jalb etish belgilangan. Xususan, viloyatdagi 139 ta maktabga jami 148 nafar chet ellik mutaxassis olib kelinishi ko'zda tutilgan bo'lib, ular ingliz, fransuz, nemis va koreys tillaridan dars beradi.
Ayni paytda Buxoro viloyati maktablarida 48 nafar xorijlik pedagog o'z faoliyatini boshlab yubordi. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, joriy yilning 22-sentabriga qadar xorijiy mutaxassislarning barchasini to'liq ta'lim jarayoniga jalb etish ko'zda tutilgan. Ushbu xorijlik pedagoglarning faoliyat yuritishi o'quvchilarning xorijiy tillarni nazariy va amaliy jihatdan puxta o'zlashtirishi, ularning til ko'nikmalarini rivojlantirishi hamda xalqaro ta'lim imkoniyatlaridan samarali foydalanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA


