Oqqo'rg'on tumanida xalqaro fond ko'magida yangi maktab binosi foydalanishga topshirildi
Oqqo'rg'on tumanidagi 24-sonli maktab uchun deputat ko'magida zamonaviy bino qurildi.

Yurtimizda eng ulug' va eng aziz bayram munosabati bilan ko'plab ijtimoiy ob'ektlar, yangi bino hamda inshootlar foydalanishga topshirilmoqda. Xususan, Oqqo'rg'on tumanining "Xalqobod" mahallasida joylashgan 24-sonli umumta'lim maktabining zamonaviy yangi binosi o'quvchilar, ustozlar va mahalla ahliga quvonch ulashdi.
Yangi maktabning ochilish marosimi
Ta'lim dargohining tantanali ochilish tadbirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, o'qituvchilar, o'quvchilar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Mazkur ta'lim maskani uchun yangi o'quv binosining qad rostlashida xalq vakillarining ko'magi muhim ahamiyat kasb etdi.
Murojaat va uning ijrosi
Ma'lum qilinishicha, maktab uchun yangi bino qurish masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pakning aholi bilan o'tkazgan ochiq muloqoti chog'ida ko'tarilgan edi. Mahalliy aholi farzandlarning munosib sharoitda ta'lim olishi uchun xalq vakilidan amaliy yordam so'ragan. Ushbu murojaat e'tiborsiz qoldirilmadi va qisqa fursatda umumiy qiymati 4 milliard so'mni tashkil etgan qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Xalqaro hamkorlik natijasi
Zamonaviy ko'rinishdagi yangi maktab binosi Janubiy Koreyaning "Good Neighbours International" xalqaro yordam fondi ko'magida barpo etildi. Hududlarda xalq vakillarining aholi bilan o'tkazayotgan ochiq muloqotlari, bildirilgan taklif va murojaatlarning ijobiy hal etilayotgani fuqarolarning davlat va deputatlarga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Manba: UzA


