Buxoro viloyatida ta'lim sohasidagi islohotlar va erishilgan natijalar
Buxoro viloyatida maktabgacha va maktab ta'limini rivojlantirish, pedagoglarni rag'batlantirish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida qator natijalarga erishildi.

Mamlakatimizda ta'lim sohasini tubdan isloh qilish, zamonaviy o'quv muhitini yaratish hamda pedagoglarning nufuzini oshirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Bu borada Buxoro viloyati eng ilg'or hududlardan biri sifatida salmoqli natijalarni qayd etmoqda.
Maktabgacha va maktab ta'limidagi qamrov
Hozirgi kunda viloyatda 536 ta umumta'lim maktabi, 35 ta xususiy maktab, 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab, Prezident maktabi, 14 ta “Kelajak” markazi, shuningdek, 2 210 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. 3–7 yoshli bolalarning 163 ming nafardan ortig'i, ya'ni 90,4 foizi maktabgacha ta'lim bilan qamrab olindi. Shuningdek, 160 ta maktabdagi 321 ta majburiy bir yillik tayyorlov guruhlarida qariyb 8 ming nafar bola o'qimoqda. Vobkent, Jondor, G'ijduvon, Olot, Romitan va Qorovulbozor tumanlarida ochilgan “Ilk rivojlanish markazlari” ham bolalar qamrovini yanada kengaytirdi.
Ta'lim sifatini oshirish yo'lida pedagoglarning salohiyati ham yuksalmoqda. Viloyatdagi 3 416 nafar xorijiy til o'qituvchisining qariyb 3 ming nafari xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo'lib, asosan V2 va S1 darajalarini tasdiqlagan. O'qituvchilar mehnatini munosib rag'batlantirish natijasida 2 ming nafardan ziyod pedagogning oylik maoshi ming AQSH dollari va undan yuqori miqdorga yetdi. Ularning 200 nafarga yaqinini rahbarlar tashkil qiladi. Shuningdek, yangi elektron platforma orqali 49 nafar pedagogning tajribasi respublika miqyosida ommalashtirildi.
O'quvchilar yutuqlari va zamonaviy texnologiyalar
Joriy o'quv yilida 23 740 nafar o'quvchi maktabni bitirib, ulardan 426 nafari oltin, 127 nafari kumush medalni qo'lga kiritdi. Xalqaro fan olimpiadalarida buxorolik o'quvchilar 1 ta oltin, 15 ta kumush va 7 ta bronza, jami 23 ta medalga sazovor bo'ldi. Shuningdek, davlat maktabgacha va umumta'lim muassasalariga xodimlarni ishga qabul qilish jarayoni to'liq elektron, shaffof va ochiq tanlov asosida yo'lga qo'yildi.
Janubiy Koreyaning ENOZ ta'lim muassasasi bilan hamkorlikda Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan maktabda sun'iy intellekt, robototexnika, dasturlash hamda virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalariga asoslangan innovatsion ta'lim modeli joriy etildi. Bir milliard so'mlik ushbu loyiha boshqa tuman va shaharlarga ham tatbiq etilmoqda. “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida esa 9 125 nafar 11-sinf o'quvchisi milliy va xalqaro til sertifikatlarini oldi. Shuningdek, “Besh million sun'iy intellekt yetakchilari” loyihasida 134 ming nafardan ortiq o'quvchi ishtirok etib, sertifikat egasiga aylandi.
Infratuzilma va xalqaro hamkorlik
2026-yilda qariyb 1,1 trillion so'm mablag' evaziga 215 ta ta'lim muassasasida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda. Natijada 6 ta yangi muassasa qurilib, 107 tasi rekonstruksiya qilinadi va 102 tasi mukammal ta'mirlanadi. Bu orqali qo'shimcha 22 mingdan ziyod o'quvchi va 5 700 dan ortiq tarbiyalanuvchi o'rni yaratiladi. Barcha maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan bo'lib, 862 ta informatika xonasi zamonaviy kompyuterlar bilan ta'minlandi.
Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik doirasida 80 nafar xorijiy o'qituvchi maktablarda faoliyat olib bordi, yuzdan ortiq mahalliy pedagog esa Koreya, Xitoy, Fransiya va Iordaniyada malaka oshirib qaytdi.
Manba: UzA


