Buxoroda maktab maslahatchilarining Respublika I forumi o'tkazildi
Buxoro viloyatida maktab maslahatchilarining kasbiy salohiyatini oshirishga bag'ishlangan Respublika I forumi bo'lib o'tdi.

Buxoro viloyatida maktab maslahatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish hamda o'quvchilar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga bag'ishlangan Maktab maslahatchilarining Respublika I forumi tashkil etildi.
Ushbu tadbirda jami 230 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ularning 208 nafari namunali maktab maslahatchilari, 14 nafari hududiy mas'ullar hamda 8 nafari tegishli vazirlik va idoralar mas'ul xodimlaridan iborat bo'ldi. Forumning asosiy maqsadi mutaxassislarni kasbiy faoliyatga moslashtirish, ularning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi uchun zarur kompetensiyalarni shakllantirish, shuningdek, o'quvchilar bilan samarali ishlash ko'nikmalarini rivojlantirishdan iboratdir.
Dastur va mahorat darslari
Tadbirning birinchi kunida ishtirokchilarni kutib olish, joylashtirish hamda forumning maqsad va vazifalari bilan tanishtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Respublika «Kelajak» markazi direktori Indira Xoldorova ishtirokida ochiq muloqot va mahorat darsi o'tkazildi. Bundan tashqari, qo'shimcha ta'lim, maktab kutubxonasi, musiqa va jismoniy tarbiya o'qituvchilarining mazkur yo'nalishdagi faoliyatiga bag'ishlangan ma'ruzalar tinglandi.
Amaliy mashg'ulotlar va treninglar
Forum doirasida qator amaliy mashg'ulotlar tashkil etilib, ishtirokchilar guruhlarga bo'lingan holda zamonaviy treninglarda qatnashdilar. Dastur doirasida quyidagi yo'nalishlarda seminarlar o'tkazildi:
- «Prezident iqtidorli farzandlari» dasturi va o'quvchining ijtimoiy portfeli;
- «Mening kelajakdagi kasbim» dasturi va o'quvchilarni kasbga yo'naltirishning zamonaviy yondashuvlari;
- O'quvchilar qiziqishini rivojlantirish hamda maktabdagi to'garaklarni imkoniyatlar platformasiga aylantirish;
- Qo'shimcha ta'lim tizimini rivojlantirishda maktab maslahatchisining o'rni.
O'tkazilgan mashg'ulotlar davomida ishtirokchilar yoshlarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash, ularning ijtimoiy faolligini qo'llab-quvvatlash hamda kundalik ish jarayonlarini tizimli yo'lga qo'yish bo'yicha o'z bilim va ko'nikmalarini mustahkamladilar.
Manba: UzA


