Central Asian University tibbiy ta'limda klinik amaliyot simulyatsiyasini joriy etmoqda
Central Asian University tibbiyot yo'nalishi talabalari uchun real klinikaga maksimal darajada yaqinlashtirilgan diagnostika markazi modelida simulyatsiya sinovlarini boshladi.
Central Asian University kampusi hududida faoliyat konsepsiyasi, bemorlarni yo'naltirish, oqimlarni taqsimlash hamda asosiy bo'linmalarning o'zaro hamkorligi jihatidan haqiqiy klinikaga maksimal darajada yaqinlashtirilgan diagnostika markazining to'liq formatli modeli yo'lga qo'yildi. Ushbu o'quv konsepsiyasi amalda ishlab chiqish bosqichida turgan bo'lajak tizimning prototipi hisoblanadi.
Sinov jarayonlari va ko'lami
Simulyatsiya sinovlari kuniga 1000 nafarga yaqin bemorni qabul qilish quvvatiga ega olti kunlik ish formatida o'tkazilmoqda. Loyiha qurilayotgan Social diagnostik markaziga nisbatan 1:3 masshtabda amalga oshirilmoqda. Bu esa alohida elementlarni emas, balki kelgusidagi tizimning ishlash mantiqini yaxlit majmua sifatida sinovdan o'tkazish imkonini beradi. Bunday ko'lam yuqori yuklama, nostandart vaziyatlar, ortiqcha zo'riqishlar, uzilishlar va bemorlarning o'zgaruvchan xatti-harakatlarini qayta tiklash uchun sharoit yaratadi.
Asosiy maqsad va ilmiy yondashuv
Jarayonning asosiy maqsadi navbatlar qaysi bosqichlarda paydo bo'lishini, bemorlar oqimi qayerda uzilib qolishi mumkinligini hamda cheklangan vaqt sharoitida shifokorlar ishining sifati qanday bo'lishini aniqlashdan iborat. Shuningdek, oilaviy shifokorlarga tushadigan real yuklama ham belgilanadi. Universitet natijalarni tahlil qilishda ilmiy yondashuvni qo'llaydi: barcha ma'lumotlar tizimlashtiriladi, o'rganiladi va simulyatsiya yakunlari bo'yicha alohida ilmiy tadqiqot chop etish rejalashtirilgan.
Talabalar ishtiroki
Loyihaga yuzlab ishtirokchilar, jumladan, shifokor rolida ishlaydigan, bemorlarni real vaqtda qabul qiladigan hamda klinik ssenariylarda qatnashadigan CAU talabalari va rezidentlari jalb etilgan. Ular cheklangan vaqt ichida qaror qabul qiladilar. Bunday yondashuv kuzatuvga emas, balki amaliy tayyorgarlik shakliga asoslangan bo'lib, bo'lajak mutaxassislar o'qish davridayoq tizimning bir qismiga aylanadilar.
Manba: Kun.uz



