Chirchiqdagi maxsus bog'chada bolalarga nisbatan yo'l qo'yilgan holat o'rganilmoqda
Chirchiq shahridagi 30-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga nisbatan noo'rin munosabat aks etgan video bo'yicha o'rganish ishlari boshlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi 30-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotida imkoniyati cheklangan bolalarga nisbatan noo'rin munosabatda bo'lingani aks etgan videolavha tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo'ldi.
Xizmat tekshiruvi va o'rganish jarayoni
Mazkur holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzildi. Hozirda tegishli mas'ullar ishtirokida xizmat tekshiruvi olib borilmoqda. Xususan, tarbiyachilar tomonidan ushbu xatti-harakatlarga nega yo'l qo'yilgani, mehnat intizomi va bolalar huquqlariga rioya etilishi masalalari batafsil o'rganilmoqda.
O'rganish jarayonida videolavhada aks etgan holatlar, muassasa rahbariyatining mas'uliyati, shuningdek, bolalar xavfsizligi va psixologik muhitini ta'minlashga oid chora-tadbirlar atroflicha tahlil etilmoqda. Xizmat o'rganuvi yakunlari bo'yicha qo'shimcha axborot taqdim etilishi hamda qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko'rilishi ma'lum qilindi.
Manba: Kun.uz

