Cyber University oliygohida ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkil etildi
Toshkent viloyatida joylashgan Cyber University davlat oliygohida ta'lim jarayonlari va yaratilgan sharoitlar tanishtirildi.

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida faoliyat yurituvchi Cyber University davlat oliygohida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur o'tkazildi. Tadbir davomida jurnalistlar ta'lim maskanining zamonaviy infratuzilmasi, o'quv binolari va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Zamonaviy infratuzilma va sharoitlar
Ishtirokchilar kriptografiya, Wi-Fi Bridge hamda VoIP texnologiyalariga ixtisoslashgan maxsus laboratoriyalarni ko'zdan kechirdi. Shuningdek, 300 o'rinli Axborot resurs markazi, 501 o'rinli faollar zali, ko'p qavatli talabalar turar joyi, oshxona, sport majmuasi hamda "Green Campus" konsepsiyasi asosidagi ekologik infratuzilma namoyish etildi. Universitetda quyosh panellari va suvni qayta ishlash tizimlaridan foydalanilayotgani alohida e'tirof etildi.
Qabul jarayoni va kvotalar
Press-tur doirasida rektor Shuhrat Qayumov hamda mutasaddilar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Qabul komissiyasi raisi Ulug'bek Saidg'aniyevning ma'lum qilishicha, joriy o'quv yilida bakalavriat bosqichi uchun 1 ming 200 ta, magistratura uchun esa 75 ta kvota ajratilgan bo'lib, talabalikka qabul qilinganlarning davlat granti asosida o'qish imkoniyati ham mavjud. Shuningdek, "Cyber Academy" tayyorlov kurslarini tamomlaganlar imtihon orqali, xalqaro IT sertifikatlari yoki nufuzli CTF musobaqalari g'oliblari suhbat asosida o'qishga qabul qilinishi belgilangan.
Ta'lim jarayoni va xalqaro hamkorlik
Universitetda darslar birinchi bosqichda o'zbek va rus tillarida, yuqori kurslarda esa ingliz tilida olib boriladi. Oliygohda White Hacker, AI Engineer, IoT Defender, Code Master, raqamli kriminalistika, kiberxavfsizlik menejmenti va raqamli iqtisodiyot kabi yo'nalishlar bo'yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, "Stanford Engineering Center for Global & Online Education", "Xidian University" hamda "University of Washington" kabi nufuzli xorijiy OTMlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan.
Manba: UzA



