O'zbekistonning 24 ta oliy ta'lim muassasasi nufuzli xalqaro reytingning top-1000 taligiga kirdi
Times Higher Education agentligining 2026 yilgi reytingida O'zbekistonning 50 ta OTMi qatnashib, ulardan 24 tasi top-1000 talikdan joy oldi.
Times Higher Education xalqaro reyting agentligi tomonidan “THE Sustainability Impact Ratings -2026” reytingi natijalari e'lon qilindi. Joriy yilda mazkur ro'yxatdan O'zbekistonning jami 50 ta oliy ta'lim tashkiloti joy oldi va shundan 24 tasi dunyoning top-1000 talik oliy ta'lim muassasalari qatoriga kiritildi.
Eng yuqori natija ko'rsatgan OTMlar
Reyting natijalariga ko'ra, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti eng yuqori natijani qayd etib, 101–200 o'rinlarni band etdi. O'zbekiston Milliy universiteti va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti 201–300-o'rinlarga loyiq topildi. Shuningdek, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti 301–400-o'rinlar oralig'idan joy oldi.
Top-1000 talikdagi boshqa universitetlar
Ro'yxatning keyingi o'rinlaridan quyidagi oliy ta'lim muassasalari o'rin egalladi:
- 401–600-o'rinlar: Farg'ona davlat texnika universiteti, O'zbekiston Milliy pedagogika universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Termiz davlat universiteti, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti;
- 601–800-o'rinlar: International School of Finance Technology and Science, Navoiy davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti;
- 801–1000-o'rinlar: Farg'ona davlat universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Toshkent farmatsevtika instituti.
Yillar kesimidagi o'zgarishlar
Ma'lumot uchun, ushbu reytingda o'zbekistonlik OTMlarning ishtiroki yildan-yilga kengayib bormoqda. Jumladan, 2021 yilda mamlakatimizning 12 ta, 2022 yilda 30 ta, 2023 yilda 47 ta, 2024 yilda 53 ta hamda 2025 yilda 59 ta oliy ta'lim tashkiloti mazkur xalqaro reytingda qayd etilgan edi.
Manba: Kun.uz



