Davlat auditi yo'nalishiga hujjat topshirishda sertifikat talab etiladi
Davlat auditi bakalavriat ta'lim yo'nalishini tanlovchi abituriyentlardan chet tili va matematika fanlari bo'yicha maxsus sertifikatlar talab qilinadi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat auditi sohasiga iqtidorli yoshlarni jalb qilish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yo'lga qo'yishga qaratilgan qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatga ko'ra, davlat oliy ta'lim muassasalarining "Davlat auditi" bakalavriat ta'lim yo'nalishini tanlagan abituriyentlar oldiga muhim talablar qo'yildi.
Sertifikat talablari va imtiyozlar
Test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo'lgan beshtagacha yo'nalishni tanlash jarayonida "Davlat auditi"ni tanlovchi talabgorlar quyidagi hujjatlarga ega bo'lishi shart:
- chet tili bo'yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikat;
- matematika fanidan B va undan yuqori darajadagi sertifikat.
Ko'rsatilgan sertifikatlarni qo'lga kiritgan abituriyentlar tegishli fanlar bo'yicha test sinovlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda ozod qilinadi. Ular barcha bakalavriat yo'nalishlari uchun majburiy bo'lgan uchta fandan faqat ikkitasi – ona tili va O'zbekiston tarixi fanlaridan test topshiradilar. O'qishga qabul qilish jarayoni Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.
O'quv dasturlari va yangi oliy maktab
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu yo'nalish o'quv dasturlarini dunyoning nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) hamda Times Higher Education (THE) reytinglarida birinchi 300 talik ro'yxatga kirgan oliy ta'lim muassasalari tajribasiga tayanib ishlab chiqilishini va Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanishini ta'minlaydi. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda maktab o'quvchilari o'rtasida keng targ'ibot ishlari olib boriladi.
Eslatib o'tamiz, Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-son Farmoniga asosan, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida huquqiy maqomi fakultetga tenglashtirilgan Davlat auditi oliy maktabi tashkil etilgan. Qabul parametrlari esa kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida shakllantirilishi belgilangan.
Manba: UzA