Dual ta'limda o'qish davri mehnat stajiga qo'shiladi va grantga o'tish imkoniyati beriladi
Oliy ta'limda dual ta'lim shaklida o'qiyotgan talabalar uchun o'qish davri mehnat stajiga kiritilishi va ayrim sohalarda grantga o'tish tartibi belgilandi.
Oliy ta'lim tizimida dual ta'lim shaklini yanada rivojlantirishga qaratilgan farmon doirasida talabalarni qo'llab-quvvatlash, korxonalarda murabbiylarni tayyorlash hamda oliygohlar va ish beruvchilarni rag'batlantirish choralari ko'zda tutilgan. Yangi tartibga ko'ra, ijtimoiy stipendiya dual ta'limda o'qiyotgan barcha talabalarga emas, balki Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalarga to'lanishi belgilandi.
Grantga o'tish imkoniyati beriladigan sohalar
Dual ta'lim shaklida tahsil olayotgan yoshlarga ikkinchi kursdan boshlab davlat granti kvotalari doirasida o'qishini davom ettirish imkoniyati yaratiladi. Bunday imkoniyat quyidagi ta'lim sohalariga taalluqli:
- muhandislik ishi;
- ishlab chiqarish va ishlov berish;
- arxitektura va qurilish;
- qishloq xo'jaligi.
Bunda grant asosida o'qishni davom ettirish jarayoni belgilangan kvotalar doirasida amalga oshirilishi ta'minlanadi.
Mehnat staji va murabbiylarni tayyorlash
Qabul qilingan farmonga asosan, talabaning dual ta'lim shaklida tahsil olgan davri uning umumiy mehnat stajini hisoblashda to'liq inobatga olinadi. Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab dual ta'lim shaklida kadrlar tayyorlash istagini bildirgan korxonalar uchun maxsus kurslar tashkil etiladi. Ushbu kurslarda talabalarga biriktiriladigan malakali murabbiylar tayyorlanadi.
Oliygoh va korxonalar reytingi
2027-2028-o'quv yili yakunidan e'tiboran dual ta'lim bo'yicha oliy ta'lim muassasalari va buyurtmachi korxonalarning samaradorlik reytingi yuritila boshlaydi. Eng yuqori natija ko'rsatgan uchtadan OTM va korxona egallagan o'rniga qarab 1 milliard, 2 milliard hamda 3 milliard so'm miqdorida rag'batlantiriladi.
Manba: Kun.uz



