El-yurt umidi jamg'armasi kunlari yoshlarga xalqaro ta'lim imkoniyatlarini taqdim etmoqda
Respublika bo'ylab o'tkazilayotgan El-yurt umidi jamg'armasi kunlari doirasida yoshlarga xorijda o'qish imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berilmoqda.

5-oktabrdan boshlab mamlakatimiz hududlarida yoshlar uchun xalqaro ta'lim imkoniyatlarini ochib beruvchi "El-yurt umidi" jamg'armasi kunlari" tashabbusiga start berildi. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hamda boshqa hududlarda boshlangan uchrashuvlar yoshlarning xalqaro ta'limga bo'lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan.
Tadbirlarda maktab o'quvchilari, talabalar, mahalla yoshlari va davlat xizmatchilari ishtirok etmoqda. Ochiq muloqotlar onlayn formatda ham tashkil etilib, chekka hududlardagi yoshlarga ham xalqaro ta'lim dasturlari haqida ma'lumot olish imkonini bermoqda. Xususan, Toshkent shahridagi Prezident maktabida o'tkazilgan muloqotda poytaxtdagi 27-, 98-, 142-, 171- va 241-sonli maktablarning yuqori sinf o'quvchilari ham qatnashdi. 5-oktabrdan buyon jami 30 dan ortiq uchrashuv o'tkazilib, ularda 40 mingga yaqin yosh qamrab olindi.
Xorijda o'qish va stipendiya imkoniyatlari
Uchrashuvlar davomida jamg'arma vakillari yoshlarga xorijning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida o'qish, ochiq stipendiya tanlovlarida qatnashish, hujjatlarni tayyorlash hamda tanlov bosqichlariga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha batafsil tushuntirishlar bermoqda. Xorijda tahsil olgan jamg'arma stipendiatlari bilan uchrashuvlar esa yoshlarga o'z tajribalarini ulashish va xalqaro maydonda o'rin topish mumkinligini ko'rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xorijda orttirilgan tajriba mamlakatimiz iqtisodiyoti, davlat boshqaruvi, tibbiyot, muhandislik, sun'iy intellekt, raqamli texnologiyalar va ilm-fan sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Erishilgan natijalar va statistika
- 2018-2025-yillarda jamg'arma orqali 2 ming 300 nafarga yaqin yosh 40 ga yaqin mamlakatga o'qishga yuborildi.
- Ularning 1 ming 600 nafardan ziyodi O'zbekistonga qaytib, turli sohalarda faoliyat yuritmoqda.
- 2025-2026-yillardagi ochiq stipendiya tanlovlarida 447 nafar yosh g'olib bo'ldi, ularning 80 foizi dunyoning TOP-100 universitetlariga qabul qilingan.
"El-yurt umidi jamg'armasi kunlari" doirasidagi tadbirlar 15-oktabrga qadar davom etadi.
Manba: UzA



