Namanganlik yoshlarga "El-yurt umidi" jamg'armasi imkoniyatlari tanishtirildi
"El-yurt umidi" jamg'armasi vakillari Namangan viloyatida o'quvchi va talabalar uchun xalqaro stipendiya dasturlari taqdimotini o'tkazdi.

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalarida tahsil olishini ta'minlash yo'nalishida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda "El-yurt umidi" jamg'armasi tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan uchrashuvlar doirasida Namangan viloyatida ham qator tadbirlar o'tkazildi.
Talaba va o'quvchilar uchun ochiq muloqotlar
Toshkent kimyo xalqaro universitetining Namangan filialida viloyatdagi oliy ta'lim muassasalari talabalari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Yuzma-yuz va onlayn shaklda o'tkazilgan bu tadbirda chekka hududlardagi yoshlar ham qatnashib, o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Muloqot davomida jamg'arma vakillari xorijiy universitetlarda o'qish, stipendiya tanlovlarida qatnashish tartibi, nomzodlarga qo'yiladigan talablar va saralash bosqichlari haqida batafsil ma'lumot berishdi.
Shuningdek, Namangan shahridagi Prezident maktabi o'quvchilari uchun ham maxsus uchrashuv uyushtirildi. Unda yoshlarning iqtidorini ro'yobga chiqarish, kasb tanlash va xalqaro stipendiya dasturlaridan foydalanish masalalariga e'tibor qaratilib, o'quvchilarga zarur tavsiyalar yetkazildi.
Jamg'arma faoliyati ko'rsatkichlari
Ma'lum qilinishicha, 2018–2025-yillar oralig'ida "El-yurt umidi" jamg'armasi ko'magida qariyb 2 ming 300 nafar o'g'il-qiz dunyoning 40 ga yaqin mamlakatiga o'qish va malaka oshirish uchun yuborilgan. Ularning 1 ming 600 nafardan ortig'i yurtimizga qaytib, turli sohalarda faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2025–2026-yillarda o'tkazilgan ochiq stipendiya tanlovlarida 447 nafar yosh g'olib deb topilgan bo'lib, ularning 80 foizi dunyoning eng nufuzli 100 taligiga kiruvchi oliy ta'lim muassasalariga qabul qilingan.
Manba: UzA



