Fargona davlat texnika universitetida yangi o'quv yili qabul jarayonlari boshlandi
Fargona davlat texnika universitetida 2026/2027 o'quv yili qabul jarayonlari, yangi yo'nalishlar va kvotalarga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.

Fargona davlat texnika universitetida 2026/2027 o'quv yili uchun bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga qabul jarayonlariga bag'ishlangan matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi. Unda OАV vakillari, blogerlar hamda davlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari qatnashdi.
Qabul jarayoni va shaffoflik
Matbuot anjumanida universitet qabul komissiyasining mas'ul kotibi Aziz Xo'jayev yangi o'quv yili uchun qabul jarayoni, yangidan ochilgan ta'lim yo'nalishlari va ajratilgan qabul kvotalari haqida ma'lumot taqdim etdi. Universitet rektori, professor Rustam Tojiyevning ta'kidlashicha, qabul jarayonlarining ochiqligi, shaffofligi hamda adolatliligini ta'minlash maqsadida komissiya tarkibi qayta shakllantirilib, unga malakali mutaxassislar jalb qilingan. Abituriyentlar va ota-onalarga qulaylik yaratish yo'lida «Call center» hamda «Maslahat markazi» ish boshlagan bo'lib, 20 nafardan ziyod mas'ul xodim murojaatlarga tezkor javob qaytarmoqda.
Press-tur va yangi obyektlar
Press-tur doirasida ishtirokchilar korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik hamda xavfsiz ta'lim muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ular Sun'iy intellekt laboratoriyasi, Axborot-resurs markazi, Masofaviy ta'lim markazi va barpo etilayotgan «Airoinjinering» texnoparki faoliyatini ko'zdan kechirdi.
Ma'lum qilinishicha, «Airoinjinering» texnoparki qishloq xo'jaligi sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda ta'lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga mo'ljallangan. 2025-yil oktabr oyida boshlangan qurilish ishlari yakuniga yetgach, mazkur texnopark talabalar hamda yosh tadqiqotchilarning amaliy ko'nikmalarini mustahkamlash, agrar sohada ilg'or yechimlarni tatbiq etishda muhim xizmat qilishi kutilmoqda.
Manba: UzA



