Farg'ona viloyati maktablarining ichimlik suvi va sanitariya holati o'rganildi
Farg'ona viloyatidagi maktablarda ichimlik suvi va sanitariya-gigiyena infratuzilmasi holati jamoatchilik eshituvida tanqidiy muhokama qilindi.

Farg'ona viloyatidagi umumta'lim maktablarida ichimlik suvi ta'minoti hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasining holati O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan tekshirilib, jamoatchilik eshituvida muhokama qilindi. Bu boradagi o'rganishlar Xalq deputatlari Farg'ona viloyati Kengashidagi partiya deputatlari tomonidan amalga oshirildi. Mazkur jarayon Qo'qon shahri hamda Beshariq, Bag'dod, Buvayda, Dang'ara, Rishton, O'zbekiston va Furqat tumanlaridagi umumiy o'rta ta'lim muassasalarini qamrab oldi. Deputatlar ichimlik suvi manbalari, ularning ishlash barqarorligi hamda sanitariya infratuzilmasining holatini chuqur tahlil qilishdi.
Maktablardagi infratuzilma ko'rsatkichlari
Ma'lum bo'lishicha, viloyat hududida jami 955 ta umumta'lim maktabi faoliyat yuritadi. Ularning 852 tasi maxsus loyiha asosida bunyod etilgan bo'lsa, qolgan 103 ta ta'lim muassasasi moslashtirilgan binolarda joylashgan. Shuningdek, o'quv maskanlarining 280 tasi markaziy oqava suv tarmoqlariga ulangan bo'lsa, 675 tasi mahalliy tarmoqlardan foydalanadi.
Aniqlangan muammolar va ko'rilgan choralar
Jamoatchilik eshituvi davomida ayrim ta'lim dargohlarida ichimlik suvi ta'minotida uzilishlar kuzatilayotgani va texnik nosozliklar mavjudligi keskin tanqid qilindi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining viloyat boshqarmasi tomonidan 2025 yilda o'tkazilgan tekshiruvlar natijasida qoidabuzarlikka yo'l qo'ygan 905 nafar mas'ul shaxsga nisbatan ma'muriy jarimalar qo'llanilgani ma'lum qilindi.
Muhokamalar yakunida mavjud kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish, maktablarni doimiy toza ichimlik suvi bilan ta'minlash yuzasidan takliflar o'rtaga tashlandi. Xususan, binolar ichida suv kulerlarini o'rnatish tashabbusi ham bildirildi.
Manba: UzA


