Germaniya universitetlarida o'qish va grant dasturlari talablari qanday
Saksoniya universitetlarining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zlixa Tileuova o'zbekistonlik yoshlar uchun Germaniyada tahsil olish imkoniyatlari haqida so'zlab berdi.

Bugungi kunda O'zbekiston va Germaniya o'rtasida ta'lim va ilm-fan yo'nalishidagi aloqalar yangi bosqichga ko'tarilmoqda. 2023-yil 16-noyabr kuni Toshkent shahridagi Geologiya fanlari universiteti qoshida Saksoniya oliy ta'lim muassasalarining O'zbekistondagi vakolatxonasi o'z faoliyatini boshlagan edi. Ushbu markaz ikki davlat o'rtasida akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda talaba va professor-o'qituvchilar almashinuvini qo'llab-quvvatlash bilan shug'ullanadi.
Saksoniya Oliy ta'lim vazirligi tomonidan O'zbekiston va Mo'g'uliston uchun maxsus "Saxon Student Mobility Program" grant va stipendiya dasturi yo'lga qo'yilgan. Mazkur dastur doirasida o'zbekistonlik talabalar Germaniyaga borib, bir semestr davomida o'zlari tanlagan universitet va yo'nalishda tahsil olish, laboratoriya mashg'ulotlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo'ladilar. 2025-2026 o'quv yilining qishki semestrida ushbu grantlar asosida O'zbekistondan 26 nafar talaba talabalar almashinuvida ishtirok etdi. Ularning 12 nafari Frayberg texnika universiteti Konchilik akademiyasida, qolgan qismi esa Drezden texnika universiteti hamda Sittau shahridagi universitetda tahsil oldi.
Hujjat topshirish va tanlov talablari
Germaniya universitetlarida o'qishni rejalashtirayotgan yoshlar uchun bir qancha muhim talablar mavjud. Bakalavriat bosqichida o'qish uchun nemis tilini bilish talab etiladi, chunki Saksoniya oliy ta'lim muassasalaridagi bakalavriat dasturlarining qariyb 99 foizi nemis tilida olib boriladi. Magistratura bosqichida esa ingliz tilini bilish yetarli bo'lishi mumkin. Bunda IELTS yoki Gyote instituti sertifikatlari qabul qilinadi.
Tanlov jarayoni ikki bosqichdan iborat. Dastlab talaba o'zi tanlagan universitet va professor talablariga javob berishi hamda hujjat topshirishi lozim. Shuningdek, O'zbekistonda o'qiyotgan mutaxassisligi Germaniyada o'qimoqchi bo'lgan yo'nalishi va professorning ilmiy faoliyatiga mos kelishi shart. Ikkinchi bosqichda Saksoniya universiteti professori o'zbekistonlik talabani qabul qilishga rozilik bildirsa, shundan keyingina stipendiya tanlovi jarayoni boshlanadi. Masalan, o'tgan yili stipendiya dasturi uchun 169 nafar o'zbekistonlik talaba hujjat topshirib, ulardan 26 nafari saralab olingan.
O'qituvchilar uchun imkoniyatlar
Shuningdek, "Saxon Mobility Ambassador" dasturi orqali O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari va olimlari Germaniyada malaka oshirish va tajriba almashish imkoniyatiga ega. Ilk bosqichda Saksoniya universitetlaridan 7 nafar professor O'zbekistonga tashrif buyurib, bir haftadan ikki haftagacha bo'lgan muddatda talabalar uchun bepul dars mashg'ulotlarini o'tkazgan. Shu bilan birga, "Outgoing Program" dasturi doirasida germaniyalik talabalar ham O'zbekistonga kelib, geologiya va mineralogiya yo'nalishlari bo'yicha o'n kunlik amaliyot o'tab qaytishgan.
Manba: UzA


