Germaniyada migrantlarni til kurslariga qabul qilish vaqtincha to'xtatildi
Germaniyada nemis tili o'qitiladigan migrantlar uchun integratsiya kurslariga yangi arizalarni qabul qilish vaqtincha muzlatildi.
2025 yil dekabridan beri Germaniyada migrantlarni yangi integratsiya kurslariga qabul qilish amalda to'xtatilgan. Bu kurslar doirasida, xususan, nemis tili o'qitiladi. Correctiv nashrining xabar berishicha, Qochqinlar va migratsiya ishlari bo'yicha federal idora (BAMF) bunday kurslarda ishtirok etish uchun topshirilayotgan yangi arizalarni vaqtincha ma'qullamayapti.
Arizalarni ko'rib chiqish noma'lum muddatga muzlatildi
Bu haqda idoraning 22 yanvar sanasida til kurslari tashkilotchilariga yo'llangan ochiq xatida aytiladi, mazkur xat jurnalistlar qo'liga tushgan. Ma'lumotlarga ko'ra, tashkilotchilar oldindan ogohlantirilmagan. Aksinchа, ularga kutilmaganda, potensial ishtirokchilarning arizalarini ko'rib chiqish noma'lum muddatga muzlatilgani bildirilgan.
"90/Yashillar ittifoqi" partiyasining deputatlik so'roviga javobda Germaniya Federal ichki ishlar vazirligi integratsiya kurslariga qatnashish uchun arizalar ichki tekshiruvdan o'tkazilayotganini aniqlashtirgan. Shu bilan birga, hozircha bu jarayon qancha davom etishini va qatnashishga ruxsat berish bo'yicha yakuniy qaror qachon qabul qilinishini aniq aytish mumkin emasligi aytiladi.
Kurslarda qatnashish huquqiga ega bo'lgan toifalar
GFRda amaldagi qonunchilikka ko'ra, ayrim toifadagi xorijliklar, jumladan qochqinlar va mehnat migrantlari, Germaniyada uzoq muddat yashagan taqdirda integratsiya kurslarini o'tash huquqiga ega. Boshqa guruhlar, jumladan vaqtinchalik himoya maqomiga ega Ukraina fuqarolari, boshpana so'rovlari hali ko'rib chiqilmagan shaxslar, shuningdek mamlakatni tark etishi kerak bo'lgan, biroq vaqtincha qolishga ruxsat olganlar bo'sh o'rinlar mavjud bo'lsa, kurslarga qabul qilinishi mumkin.
Germaniya xalq universitetlari birlashmasi BAMF qarori sabab yuzaga kelgan vaziyatni dramatik deb atadi. Tashkilot vakillariga ko'ra, yangi kurslar qatnashchilar soni juda cheklangan holda boshlanmoqda, ko'pchilik esa muddatlar bo'yicha hech qanday tushunchaga ega bo'lmagan holda kutishga majbur bo'lmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu holat odamlarning tez integratsiyalashuviga to'siq qo'ymoqda va bu ayniqsa ishni tezroq topish va Germaniyadagi hayotga moslashishni istagan yosh ukrainaliklar tomonidan qattiqroq his qilinmoqda.
Manba: Kun.uz

