O'zbekistondagi xususiy bog'chalarga qo'shimcha imtiyozlar va imkoniyatlar beriladi
O'zbekistonda nodavlat ta'lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini ochishga ruxsat berish hamda xususiy bog'chalarni qo'llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.
Taqdim etilgan takliflarga ko'ra, maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim xizmatlarini ko'rsatuvchi nodavlat ta'lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini ochishga ruxsat beriladi. Ushbu chora ta'lim xizmatlari bozorida sog'lom raqobatni kengaytirish, qamrovni oshirish hamda bolalarni maktab ta'limiga sifatli tayyorlash maqsadida ko'zda tutilgan.
Ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda maktabgacha ta'lim bilan qamrov darajasi 78 foizga yetgan. Biroq ayrim hududlarda bu ko'rsatkich hali ham 70 foizdan past bo'lib qolmoqda. Shu bois, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali qo'shimcha o'rinlar yaratish muhim vazifa sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, xususiy bog'chalarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qator imtiyozlar ham ko'zda tutilgan. Xususan, qamrov darajasi past bo'lgan hududlarda nodavlat bog'chalar tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va boshqa rag'batlantirish choralari joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Davlat rahbari mazkur takliflarni puxta ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amalga oshirish bo'yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Manba: Kun.uz

