Germaniyada O'zbekiston–Germaniya kasbiy va dual ta'lim forumi tashkil etildi
Berlin shahrida O'zbekiston–Germaniya kasbiy va dual ta'lim forumi o'tkazilib, 14 ta hamkorlik hujjati imzolandi.

Germaniya poytaxti Berlin shahrida raqobatbardosh va malakali kadrlar tayyorlashga bag'ishlangan yirik xalqaro tadbir bo'lib o'tdi. O'zbekiston–Germaniya dual va kasbiy ta'lim forumi deb nomlangan mazkur tadbir mamlakatimizning Germaniyadagi Elchixonasi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta'lim agentligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida O'zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov, Kasbiy ta'lim agentligi direktori Azimjon Husanov, shuningdek, Tyuringiya federal yeri vaziri Katrina Shenk va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi vakili doktor Karolina Probst ishtirok etdi. Forumda Germaniyaning yetakchi ish beruvchi kompaniyalari, Savdo-sanoat palatalari, xalqaro tashkilotlar hamda ta'lim sohasidagi 200 dan ortiq ekspertlar va delegatlar qatnashdi. Ular kasbiy ta'limni modernizatsiya qilish hamda migratsiya jarayonlarini tartibga solish masalalarini muhokama qilishdi.
Hamkorlik yo'nalishlari va imzolangan hujjatlar
Tadbir davomida O'zbekistonda nemis tajribasi asosida dual ta'lim tizimini rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro qo'shma dasturlarni tatbiq etish, telc va O'SD kabi til o'rgatish standartlarini joriy etish orqali kadrlar malakasini oshirish hamda o'zbekistonlik yoshlarni Germaniyada kafolatlangan va qonuniy ish bilan ta'minlash yo'llari ko'rib chiqildi.
Forum doirasidagi eng muhim amaliy natijalardan biri sifatida Kasbiy ta'lim agentligi va Germaniyaning yetakchi tashkilotlari o'rtasida jami 14 ta markaziy hamkorlik hujjati imzolandi. Buning natijasida respublikamizning barcha hududlari hamda kasbiy mahorat texnikumlari nemis hamkorlari bilan bevosita aloqa o'rnatish imkoniga ega bo'ldi.
Tadbir yakunida o'tkazilgan milliy qabul marosimida germaniyalik rasmiy doira vakillari va ish beruvchilar o'zbek xalqining boy madaniy qadriyatlari, milliy taomlari hamda mehmondo'stligi bilan yaqindan tanishishdi. Mazkur xalqaro tadbir O'zbekistonning kasbiy ta'lim tizimini zamonaviy xalqaro standartlarga moslashtirish hamda yoshlarimiz uchun Yevropa mehnat bozoridan munosib o'rin topish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam bo'ldi.
Manba: UzA



