O'zbekiston va Avstriya kasbiy ta'lim sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O'zbekiston delegatsiyasining Avstriyaga tashrifi davomida dual ta'lim va kasbiy ta'limni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston delegatsiyasining Avstriyadagi amaliy safari doirasida Federal Ta'lim vazirligi, Parlament hamda Federal Iqtisodiyot, energetika va turizm vazirligi mas'ullari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Muloqotlar chog'ida ikki davlatning kasbiy ta'lim tizimidagi tajribasi, zamonaviy kadrlar tayyorlash hamda ta'lim jarayonini mehnat bozori talablariga moslashtirish masalalari diqqat markazida bo'ldi.
Dual ta'lim va moliyalashtirish mexanizmlari
Uchrashuvlarda asosiy e'tibor Avstriyaning nazariy va amaliy ko'nikmalarni uyg'unlashtiruvchi dual ta'lim modeli, ya'ni "Lehre" tajribasiga qaratildi. Tomonlar texnik kollejlarni moliyalashtirish, muhandislar hamda pedagoglarni tayyorlash, shuningdek, ta'lim muassasalari bilan sanoat tarmoqlari o'rtasidagi hamkorlik yo'nalishlarini muhokama qilishdi. Shuningdek, texnikumlarning menejment yo'nalishidagi rahbar xodimlari uchun Avstriyada malaka oshirish va tajriba orttirish imkoniyatlarini yo'lga qo'yish masalasi ham ko'rib chiqildi.
Muhandislik ta'limi va xalqaro dasturlar
Bundan tashqari, University of Applied Sciences Austria bilan birgalikda Avstriya tajribasi asosida yangi ta'lim dasturlarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari ko'rib chiqildi. Mutaxassislarning real mehnat bozori talablariga mos kompetensiyalarini shakllantirish maqsadida kompetensiyaga asoslangan ta'lim, kasbiy standartlarni ishlab chiqish hamda malakalarni baholash masalalariga ham alohida to'xtalib o'tildi. Shuningdek, xalqaro dasturlar, akademik hamda pedagogik mobillik va xorijiy stajirovkalarni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Kelgusida Avstriyaning kadrlar tayyorlash bo'yicha ilg'or tajribasini o'rganish, uni mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish hamda xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash ishlari davom ettiriladi. Asosiy maqsad yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o'qitish, amaliy ko'nikmalarini boyitish hamda mehnat bozori talablariga to'la javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishdan iboratdir.
Manba: UzA


