Kasbiy ta'lim tizimida erishilgan natijalar va yangi vazifalar ma'lum qilindi
O'zbekistonda kasbiy ta'lim va texnikumlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bitiruvchilar bandligi hamda qisqa muddatli kurslar natijalari ochiqlandi.

Kasbiy ta'lim agentligi tomonidan o'tkazilgan brifingda mamlakatimizdagi texnikumlar va o'quv muassasalarida bitiruvchilarning bandligini ta'minlash hamda tizimdagi islohotlar natijalari ma'lum qilindi.
Texnikum bitiruvchilari va bandlik ko'rsatkichlari
Respublika bo'yicha 539 ta texnikumda jami 896 ta "Karera kunlari" tadbirlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 112 ming 486 nafar bitiruvchi hamda 9 ming 243 ta ish beruvchi korxona va tashkilotlar ishtirok etdi. Bitiruvchilarga jami 41 ming 153 ta bo'sh ish o'rni taklif etilib, natijada 7 ming 318 nafar yoshning bandligi ta'minlandi va yana 12 ming 721 nafar bitiruvchi bilan ishga joylashish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, texnikumlarda dual ta'lim shaklida tahsil olayotgan o'quvchilar soni 112 ming 855 nafarga yetdi. Hududiy forumlar doirasida 525 ta ish beruvchi bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Qisqa muddatli kurslar va o'qitish jarayonlari
Respublikadagi 811 ta ta'lim muassasasida jami 238 ming 820 nafar band bo'lmagan shaxs va kambag'al oilalarning ishsiz a'zolari qisqa muddatli kasb-hunar hamda xorijiy til kurslariga jalb etildi. Shundan 124 ming 166 nafari Kasbiy ta'lim agentligi tomonidan o'qitishga qamrab olinib, ularning 111 ming 527 nafari kasb-hunarga, 12 ming 639 nafari xorijiy tillarga o'rgatildi. Kasb-hunarga o'qitilgan 28 ming 685 nafar fuqaro vaucher asosida ta'lim oldi. Qisqa muddatli kurslarga qamrab olingan xotin-qizlar soni 137 ming 627 nafarni tashkil etib, yillik reja 110,8 foizga bajarildi.
Pedagoglar salohiyati va moddiy-texnik baza
Ma'lum qilinishicha, malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi 2026-yil yanvar oyidagi 35,8 foizdan oktabr oyiga kelib 42,2 foizga oshdi. Oktyabr oyiga qadar 7 000 nafar o'qituvchining malakasi oshirildi. 209 ta texnikumdan 366 nafar payvandlash fani o'qituvchisining bilimi baholanib, ularning 165 nafariga EN ISO 9606-1 xalqaro standarti bo'yicha sertifikat berildi. Moddiy-texnik bazani yaxshilash maqsadida tashabbusli byudjet hisobidan 44 ta va respublika byudjeti hisobidan 2 ta texnikumda ta'mirlash ishlari bajarildi.
Yil yakunigacha rejalashtirilgan vazifalar
Jismoniy va yuridik shaxslar oldida yil oxiriga qadar ta'lim sifati hamda moddiy-texnik bazani yaxshilash, 6 ta ilg'or kasbiy mahorat texnikumini tashkil etish, 200 mingga yaqin o'quvchini kasbga o'qitish vazifalari turibdi. Shuningdek, 400 ming nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunar, xorijiy til va tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitish hamda 66,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya mablag'larini o'zlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Manba: UzA


