Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va o'quv markazlari faoliyati tubdan isloh qilinadi
Prezident qaroriga muvofiq, IIV Akademiyasida maktablar va bo'linmalar tashkil etilib, o'quv jarayoni xalqaro tajriba asosida yangilanadi.
«Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash tizimini transformatsiya qilish chora-tadbirlari to'g'risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga ko'ra, Ichki ishlar vazirligining Farg'ona, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo mintaqaviy o'quv markazlari o'z yuridik shaxs maqomini saqlab qolgan holda, vazirlik Malaka oshirish institutining tegishli filiallari sifatida qayta tashkil etiladi.
Moliyaviy va tashkiliy o'zgarishlar
Qarorda belgilangan tartibga asosan:
- 2027-yil 1-yanvardan boshlab yangi tashkil etilayotgan filiallar boshliqlari, xodimlari va o'qituvchilari uchun tegishlicha Institut boshlig'i o'rinbosari, xodimlari va o'qituvchilari lavozimlariga belgilangan pul ta'minoti tartibi hamda miqdorlari qo'llaniladi.
- Institutning Nukus filiali kasbiy tayyorgarlik fakulteti Malaka oshirish instituti Nukus filialining Serjantlar tayyorlash markazi etib qayta tuziladi.
- Vazirlik va idoralarning harbiylashtirilgan hamda qorovullik qo'riqlash bo'linmalari mutaxassislarini Institut va uning filiallarida o'qitish to'lov-kontrakt asosida, jumladan, 1 nafar tinglovchi uchun 1 akademik soatga BHM 12 foizi miqdorida amalga oshiriladi.
Akademik jarayonni takomillashtirish
2026/2027 o'quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi akademiyasining ta'lim jarayoni dunyoning top–1000 talik reytingiga kirgan universitetlar hamda “Yangi O'zbekiston” universiteti tajribasi asosida bosqichma-bosqich tubdan yaxshilanadi. Jumladan:
- Akademiyada “ta'lim – tadqiqot – amaliyot” integratsiyasini ta'minlash va kadrlar tayyorlash tizimini ilg'or xalqaro akademik modellar asosida yo'lga qo'yish maqsadida maktablar (school) tizimi joriy etiladi.
- Akademiya fakultetlari va kafedralari maqbullashtirilib, ularning negizida maktablar hamda bo'limlar ochiladi.
Shuningdek, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab Akademiyaga o'qishga qabul qilish tartibiga ham yangi mexanizmlar kiritiladi. Unga ko'ra, vazirlik, respublika va xalqaro miqyosdagi xakaton hamda startap loyihalari g'olibi bo'lgan Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari o'quvchilari Akademiya bakalavriati kunduzgi ta'lim shakliga dastlabki va maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o'tgandan so'ng, belgilangan qabul kvotalari doirasida yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o'qishga qabul qilinadi.
Manba: Kun.uz



