Ishlaydigan onalarning oilaviy bog'cha badal puli byudjetdan qoplanadi
O'zbekistonda ishlaydigan onalarning 2-3 yoshli farzandini oilaviy bog'chaga berganlik badal puli davlat hisobidan to'lab beriladi.
O'zbekistonda kelgusi yilning 1-yanvaridan boshlab 2-3 yoshli farzandini oilaviy bog'chaga qamrab olgan ishlayotgan onalarning badal puli to'liq byudjet mablag'lari hisobidan qoplanishi belgilandi. Bu haqda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o'qituvchi va murabbiylar bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda ma'lum qildi.
Prezident o'z nutqida xotin-qizlarning bandligini ta'minlash oila budjetiga qo'shimcha daromad keltirishi hamda bolalarning sifatli ta'lim olishi uchun qulay sharoitlar yaratishini alohida ta'kidladi.
Mazkur uchrashuvda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyachilari uchun ishdan ajralmagan holda oliy ma'lumot olish imkoniyati yaratilgani ham e'tirof etildi. Jumladan, 2026-yilda ularning 7 ming nafari talabalikka qabul qilinib, haftada besh kunlik mehnat faoliyati davomida bir kun o'qishmoqda. Shuningdek, kelgusi o'quv yilidan boshlab pedagogika OTMlarida tarbiyachilar uchun o'qish muddati to'rt yildan uch yilga qisqartirilishi ko'zda tutilgan. Bu imkoniyatdan bog'chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham foydalana oladi.
Ta'lim jarayoniga xalqaro tajriba va yangi metodikalar tatbiq etilmoqda
Davlat rahbari maktabgacha ta'lim maskanlari bolalarning qobiliyatini ilk yoshdan kashf etadigan va zehni ochiladigan dargohga aylanishi zarurligini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur hamda Xitoy tajribalarini o'rgangan holda milliy qadriyatlarga mos keluvchi yangi dastur ishlab chiqildi. Hozirgi kunda 180 ming nafar tarbiyachi va pedagog ushbu zamonaviy metodika bo'yicha maxsus o'qitilmoqda.
O'yin orqali ta'lim berishga qaratilgan ilg'or dastur ayni paytda bog'chalarning 30 foizida amaliyotga joriy etilgan bo'lib, yil yakuniga qadar uni 38 mingdan ortiq barcha bog'chalar faoliyatiga tatbiq etish rejalashtirilgan.
Xalqaro hamkorlik va moddiy-texnik bazani yaxshilash
Poytaxtda YuNESKO shafeligida Bolalarni erta yoshdan ta'limga jalb qilish mintaqaviy markazi hamda Italiyaning Rejjio Emiliya markazi o'z ish faoliyatini boshladi. Mazkur markazlar xalqaro standartlar va innovatsion yechimlarni amaliyotga kiritish, shuningdek, o'yin orqali ta'lim berish bo'yicha zarur qo'llanmalar tayyorlashga ko'maklashadi.
Bundan tashqari, kelgusida har yili 50 nafar ilg'or tarbiyachi xorijiy davlatlarda stajirovka o'tab qaytishi ko'zda tutilgan. Barcha bog'chalar uchun 100 ta maxsus videokontent tayyorlanadi. Uch yillik maxsus dastur doirasida esa davlat bog'chalarini bosqichma-bosqich elektron doska, shaxsiy kompyuter hamda rangli printerlar bilan ta'minlash ishlari amalga oshiriladi.
Manba: Kun.uz

