Italiyada O'zbekiston va Italiya OTM rektorlarining ikkinchi forumi o'tkazildi
Rim shahridagi Roma Tre universitetida O'zbekiston va Italiya oliy ta'lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo'lib o'tdi.

Rim shahrida joylashgan Roma Tre universitetida O'zbekiston va Italiya oliy ta'lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo'lib o'tdi. Tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori B.Jollibekov hamda universitetning xalqaro aloqalar bo'yicha prorektori T.Nurimbetov qatnashib, ikki mamlakat o'rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish yuzasidan o'z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Hamkorlik yo'nalishlari va muhokama qilingan masalalar
Ikki davlat o'rtasida oliy ta'lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan ushbu forumda qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish, akademik almashinuvni kengaytirish hamda ilmiy-innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tadbir doirasida yetakchi universitetlar rahbarlari ta'lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish, startap va innovatsiya markazlari faoliyatini rivojlantirish hamda Yevropa ta'lim makoni bilan integratsiyani chuqurlashtirish masalalariga e'tibor qaratdi.
Shuningdek, forum doirasida rektorlar o'rtasida o'zaro muloqotlar tashkil etilib, kelgusidagi istiqbolli hamkorlik yo'nalishlari belgilab olindi. Rim shahrida o'tkazilgan mazkur tadbir ikki mamlakat oliy ta'lim tizimi o'rtasidagi ishonchli hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va ilg'or yondashuvlarni joriy etish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Manba: UzA



