Namangan maktab va bog'chalarida Yaponiya ta'lim modeli sinovdan o'tkazilmoqda
Namangan viloyatining 17 ta maktabi va 18 ta bog'chasida yaponiyalik mutaxassis ishtirokida ilg'or ta'lim tajribasi joriy etilmoqda.

Namangan viloyatida ta'lim sifatini oshirish va o'quvchilarda zamonaviy ko'nikmalarni shakllantirish maqsadida Yaponiyaning ta'lim modeli asosida tajriba-sinov ishlari boshlandi. Mazkur tashabbus doirasida viloyat bo'yicha 17 ta umumta'lim maktabi hamda 18 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti tanlab olindi va ularda kunchiqar o'lka ta'lim tizimining samarali yo'nalishlari tatbiq etilmoqda.
Xorijiy mutaxassis jalb etildi
Ushbu metodik jarayonga yaponiyalik tajribali mutaxassis Goto Mikako xonim jalb qilindi. Tokio shahrida tug'ilgan va “Meisei” universitetining pedagogika yo'nalishini tamomlagan mutaxassis boshlang'ich maktab hamda bog'cha o'qituvchisi davlat litsenziyalariga ega. U amaliy ta'lim, rolli o'yinlar, fanlararo integratsiya va maktab boshqaruvi sohalarida tajribaga ega bo'lib, Yaponiya ta'lim tizimining zamonaviy uslublarini joriy etishga ko'maklashmoqda.
Yaponiyalik mutaxassis Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashib, mamlakatimiz maktablarida yapon tajribasini qo'llashning maqsad-vazifalari va kutilayotgan natijalarini muhokama qildi. Muloqotda o'quvchilarda mustaqil fikrlash, yuqori intizom, jamoada ishlash madaniyati, mehnatsevarlik hamda mas'uliyat hissini kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.
Kutilayotgan natijalar
Mutaxassislar fikricha, o'zbek va yapon xalqlari o'rtasida o'xshash jihatlar juda ko'p. Goto Mikako xonim yaratilayotgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, hamkorlikda yuqori natijalarga erishish yo'lida astoydil harakat qilishini qayd etdi. Mazkur loyiha o'quvchilarda intizom, mas'uliyat va ijtimoiy faollik kabi muhim hayotiy ko'nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Manba: UzA


