Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti maktablarda sog'lom ovqatlanish bo'yicha global tavsiyalarni e'lon qildi
JSST maktab yoshidagi bolalar o'rtasida semirish muammosi ortib borayotgani sababli ta'lim muassasalari uchun sog'lom ovqatlanish bo'yicha global tavsiyalar chiqardi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan maktablarda sog'lom ovqatlanishni yo'lga qo'yishga qaratilgan ilk global tavsiyalar rasman e'lon qilindi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, global miqyosda bolalar orasida ortiqcha vazn va semirish ko'rsatkichlari tobora oshib bormoqda, ayni paytda to'yib ovqatlanmaslik muammosi ham o'z dolzarbligini yo'qotmagan. Xususan, 2025 yilda bolalar o'rtasidagi semirish holatlari ozg'inlik ko'rsatkichlaridan yuqori ekani qayd etildi.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, maktab yoshidagi har o'ninchi bola va o'smir semirishdan aziyat chekmoqda. Shuningdek, har beshinchisi, ya'ni jami 391 million nafar o'g'il-qiz ortiqcha vaznga ega ekani aniqlangan. Umumiy hisobda dunyo aholisi orasida 800 milliondan ortiq kishi qandli diabetga chalingan. Kunning katta qismini ta'lim muassasalarida o'tkazadigan millionlab bolalar uchun maktabdagi ratsion juda muhim sanaladi. Maktablarda sog'lom taomlanishni joriy etish kelajakda turli kasalliklarning oldini olishda muhim qadam bo'lishi ta'kidlandi.
Maktab oshxonalarida nimalar cheklanadi
JSST ishlab chiqqan yangi tavsiyalarga binoan, maktablarda shakar, tuz va transyog'lar kabi zararli mahsulotlar iste'molini kamaytirish choralari ko'riladi. Aksincha, o'quvchilar ratsionida meva-sabzavot, yong'oq, don va dukkakli mahsulotlar ulushini ko'paytirish nazarda tutilgan. Tashkilot ushbu qo'llanmani amaliyotga tatbiq etishda mamlakatlarga texnik ko'mak ko'rsatishni rejalashtirmoqda.
O'z navbatida, Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mamlakatimizdagi umumiy o'rta, o'rta maxsus va professional ta'lim muassasalarida o'quvchilar ovqatlanishini tashkil etish bo'yicha amaldagi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga to'xtalib o'tdi. Unga ko'ra, yurtimizdagi maktab oshxonalarida o'quvchilar sog'ligiga zararli bo'lgan mahsulotlarni tayyorlash hamda sotish qat'iyan taqiqlangan. Noto'g'ri ovqatlanish odatlari va zararli mahsulotlarning ko'payishi nafaqat jismoniy rivojlanishga, balki bolalarning aqliy salohiyati hamda hayot sifatiga ham salbiy ta'sir ko'rsatishi qayd etildi.
Manba: UzA


