Jizzax politexnika institutida abituriyentlar uchun keng qamrovli targ'ibot tadbirlari o'tkazilmoqda
Jizzax politexnika institutida yangi o'quv yili oldidan abituriyentlar va ota-onalar uchun ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog'ida Jizzax politexnika institutida muhandislik ta'limini yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish bilan integratsiyani kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilab berilgan edi. Bugungi kunda ushbu topshiriqlar ijrosi o'zining amaliy natijalarini bermoqda.
Keng qamrovli targ'ibot va ochiq muloqotlar
Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida institut jamoasi yangi o'quv yili oldidan abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun targ'ibot-tashviqot ishlarini tashkil etmoqda. Bu uchrashuvlar yoshlarga o'z iqtidori va qiziqishiga mos kasbni ongli ravishda tanlashda yo'l-yo'riq berishga qaratilgan maydonga aylangan.
Tadbir qatnashchilariga institutdagi ta'lim muhiti, o'quv jarayonini raqamlashtirish ishlari, professor-o'qituvchilar faoliyati va yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma'lumotlar berilmoqda. Yangi o'quv yilida ta'lim yo'nalishlari sonining kengaytirilgani, zamonaviy o'quv binolari, axborot-resurs markazlari hamda innovatsion laboratoriyalar abituriyentlarda katta qiziqish uyg'otmoqda.
Xalqaro hamkorlik va muhandislik maktablari
Davlat rahbarining tashrifi davomida institutda Avtomobil muhandisligi maktabi faoliyati ko'zdan kechirilgan edi. Shuningdek, ta'limni ishlab chiqarish bilan bog'lash, dual ta'limni rivojlantirish, yadro energetikasi sohasida muhandislik maktabini tashkil etish hamda xalqaro qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish bo'yicha topshiriqlar berilgan bo'lib, hozirda xorijiy hamkorlar bilan aloqalar kengayib, yangi dasturlar va ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu kabi tadbirlar yoshlar va ota-onalarga institutdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishish va kelajak kasbini to'g'ri tanlash imkonini bermoqda.
Manba: UzA

