Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida bitiruvchilarga diplomlar topshirildi
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida 2025-2026 o'quv yili bitiruvchilariga mutaxassislik diplomlarini topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida 2025-2026 o'quv yili bitiruvchi yoshlariga mutaxassislik diplomlarini topshirishga bag'ishlangan tantanali tadbir uyushtirildi. Unda oliy ta'lim muassasasi professor-o'qituvchilari, ota-onalar, soha korxonalari va tashkilotlari mas'ullari hamda yoshlar qatnashdi. Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov va boshqalar so'zga chiqib, yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasining kadrlar tayyorlashdagi ahamiyatini ta'kidladi.
Universitet yutuqlari va o'quv yili yakunlari
2025-2026 o'quv yili oliygoh hayotida muhim voqealarga boy bo'ldi. Universitetning 30 yilligi nishonlanib, fakultetlar soni 5 taga yetdi, jumladan Zarafshon fakulteti faoliyati boshlandi, yangi ta'lim yo'nalishlari ochilib, dual ta'lim va xalqaro hamkorlik rivojlantirildi. Shuningdek, oliygoh dunyoning “TOP-1000” talik universitetlari qatoridan joy oldi va 6 ta ta'lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazildi.
Hozirgi kunda universitetda 11 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularga 300 nafardan ziyod professor-o'qituvchi 24 ta bakalavriat va 23 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha saboq bermoqda. Fan doktorlari soni 50 nafarga, falsafa doktori va fan nomzodi darajasiga ega pedagoglar 190 nafarga yaqinlashib, umumiy ilmiy daraja 65 foizdan oshdi.
Bitiruvchilar va ularning yutuqlari
Yakunlangan o'quv yilida universitetni jami 1 531 nafar talaba bakalavr darajasi bilan tugatdi. Ulardan 21 nafari imtiyozli diplom oldi. Shuningdek, 88 nafar yosh magistr darajasiga ega bo'ldi. Tadbir davomida kuy-qo'shiqlar yangrab, bitiruvchilarga o'ziga xos bayram shukuhi ulashildi.
Manba: UzA

