Jizzax politexnika institutida dual ta'lim tizimi yanada rivojlantirilmoqda
Jizzax politexnika institutida talabalarni dual ta'lim asosida tayyorlash va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Zamonaviy mehnat bozorida yoshlarning faqat nazariy bilimga ega bo'lishi yetarli emas. Mutaxassislardan amaliy ko'nikmalar, yangi texnologiyalarni tez o'zlashtirish talab etiladi. Shu bois ta'lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uyg'unlashtirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog'ida Jizzax politexnika instituti huzuridagi Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishgan edi. Bu yerda "BYD Uzbekistan Factory" va "ADM Jizzakh" korxonalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yilib, ikki yillik dual ta'lim tashkil etilgani taqdimot qilingandi. Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 16-martdagi 108-son buyrug'i ijrosi doirasida mazkur yo'nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ishlab chiqarish va ta'lim integratsiyasi
Bosh prokuratura, Energetika vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishtirokida Jizzax politexnika instituti bir qator yirik tashkilotlar bilan memorandumlar imzoladi. Xususan, institut bilan "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Jizzax filiali, "Energosavdo" filiali Jizzax bo'linmasi, "Hududgaz Jizzax" gaz ta'minot filiali hamda "Jizzax suv ta'minoti" AJ o'rtasida hamkorlik kelishuvlariga erishildi.
Mazkur memorandumlar talabalarni dual ta'lim asosida tayyorlash, nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash, shuningdek, hududning energetika, gaz va suv ta'minoti tarmoqlaridagi dolzarb masalalarni hal etishga ko'maklashishga qaratilgan. Shartnomalar bitiruvchilarning bandligini ta'minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Amaliy ko'nikmalarni oshirish imkoniyati
Talabalar endilikda o'z mutaxassisligiga oid bilimlarni faqat auditoriyada emas, balki real ishlab chiqarish jarayonida sinab ko'radi. Korxonalardagi amaliy mashg'ulotlar yoshlarga zamonaviy uskunalar bilan ishlash, kasbiy mas'uliyatni his qilish va ishlab chiqarish muhitini yaqindan anglash imkonini beradi.
Ish beruvchilarning o'quv jarayonida bevosita qatnashishi mehnat bozori talablariga to'la javob beradigan kadrlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Ta'lim muassasasi esa talabalarning salohiyatini yuksaltirish va kelgusidagi ish bilan ta'minlanishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Manba: UzA



