Sirdaryoda ko'zi ojizlar uchun chet tili imtihonlari maxsus sharoitda o'tkazilmoqda
Sirdaryo viloyatida ko'zi ojiz va zaif ko'ruvchi talabgorlar uchun chet tili imtihonlari maxsus dastur va qulayliklar asosida tashkil etilmoqda.

Imtihon jarayonida texnik to'siqlarni bartaraf etish va talabgorlarning bilimini xolis baholash maqsadida Sirdaryoda maxsus formatdagi chet tili sinovlari yo'lga qo'yildi. Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2025-yil fevral oyidan joriy etilgan mazkur tartib asosida ko'zi ojiz yoki zaif ko'ruvchi fuqarolarga imtiyoz emas, balki teng sharoit yaratib berish ko'zlangan. Agentlikning Sirdaryo viloyati bo'limi bosh mutaxassisi Jamshid Mamarajabovning ta'kidlashicha, asosiy e'tibor shaxsning jismoniy imkoniyatiga qarab yondashish emas, uning bilimini xolis baholashga qaratilgan.
Sinovlar maxsus kompyuter dasturi, moslashtirilgan test topshiriqlari va zarur hollarda assistent ko'magida o'tkazilmoqda. Bunda talabgor savollarni o'qish yoki texnik jarayonlar bilan bog'liq qiyinchiliklarga chalg'imay, faqat o'z bilimiga e'tibor qaratish imkoniga ega bo'ladi. Imtihon davomida tinglab tushunish ko'nikmasi uchun 30 daqiqa, gapirish qismi uchun esa 15 daqiqa vaqt ajratiladi. Ishtirokchilar imtihonni qaysi qismdan boshlashni o'zlari tanlaydilar. Shuningdek, savollarning avtomatik ravishda keyingi topshiriqqa o'tishi talabgor uchun qo'shimcha qulaylik yaratib, ortiqcha harakatlarni kamaytiradi.
Imtihon shaffofligi va natijalarni e'lon qilish tartibi
Jarayonlar to'liq videokamera orqali qayd etilib, videoyozuvlar bir yil davomida saqlanadi. Sinov natijalari imtihon yakunlanganidan keyin bir hafta ichida e'lon qilinadi. Talabgorlar o'z natijalarini my.gov.uz portali orqali ko'rib, elektron sertifikatlarini yuklab olishlari mumkin. CEFR mezonlari asosida belgilangan talablarni bajargan ishtirokchilarga B1, B2 va C1 darajali sertifikatlar beriladi. Ushbu inklyuziv yondashuv barchaga bir xil vositani taqdim etish emas, balki har bir inson o'z salohiyatini to'liq namoyon eta oladigan muhitni yaratishga xizmat qiladi.
Manba: UzA


