O'zbekistonda maktab o'qituvchilari uchun kasbiy hamjamiyat va yangi bosqich boshlandi
Toshkentda 'Maktab chempionlari' loyihasining yangi bosqichi doirasida o'qituvchilarning kasbiy rivojlanishi muhokama qilinmoqda.

Toshkent shahrida "Maktab chempionlari" loyihasining navbatdagi bosqichi doirasidagi seminar bo'lib o'tmoqda. Mazkur tadbirda yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan maktab rahbarlari hamda ingliz tili o'qituvchilari kasbiy rivojlanish ko'nikmalarini kundalik ta'lim tizimiga tatbiq etish yo'llarini ko'rib chiqmoqdalar.
Uzluksiz kasbiy rivojlanish tamoyillari
Seminarda asosiy e'tibor quruq nazariyadan ko'ra, pedagoglar tajribasini tahlil qilish, o'zaro tajriba almashish va uni bevosita maktab darajasida joriy etishga qaratildi. Ya'ni, uzluksiz kasbiy rivojlanish faqatgina bir martalik trening yoki kurs sifatida emas, balki o'qituvchining kundalik ehtiyoji sifatida talqin qilinmoqda.
Loyihaning yangi bosqichiga respublika bo'ylab jami 42 ta maktab jalb etilgan. Tanlab olingan pedagoglar bir yil davomida o'zlarining shaxsiy rivojlanish jarayonini shakllantirib, o'z ta'lim dargohida hamkasblari uchun amaliy mashg'ulotlar o'tkazadilar va yangi usullarni qo'llashda ko'maklashadilar. Bu jarayon orqali bir mutaxassisda orttirilgan ko'nikma butun jamoaga tarqaladi.
Rahbariyatning roli va loyihaga qiziqish
Shuningdek, mazkur jarayonda maktab rahbarlarining faol ishtiroki muhimligi ta'kidlandi. Chunki kasbiy o'sishni faqat o'qituvchining o'z tashabbusiga tayanib qo'yib bo'lmaydi. Taraqqiyot faqatgina sog'lom muhit, rahbariyat tomonidan ko'rsatiladigan ko'mak va hamkorlik uyg'unlashgandagina tizimli tus oladi.
2023-yilda boshlangan "Maktab chempionlari" tashabbusiga shu kungacha mamlakatimizdagi turli hududlardan 260 ta davlat maktabi qo'shildi. Bugunga qadar 1400 nafar ingliz tili va boshqa fan o'qituvchilari jami 4500 dan ortiq shunday tadbirlarda qatnashishga ulgurdi.
Xalqaro hamkorlik va maqsadlar
Ma'lum qilinishicha, asosiy yutuq raqamlarda emas, balki hududlarda shaklanayotgan o'qituvchilar hamjamiyatidadir. Pedagoglar o'zaro metodik tajriba almashib, bir-biridan ta'lim olmoqda. Yangi 42 nafar chempinning safga qo'shilishi ushbu tarmoq ko'lamini yanada kengaytirdi.
Ushbu tashabbus Britaniya kengashi hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan bo'lib, Markaziy Osiyoda ingliz tilini o'rganishni jadallashtirishga qaratilgan "AELLCA" dasturi tarkibiga kiradi. Mazkur dastur o'qituvchilar salohiyatini yuksaltirish va maktablarda uzluksiz o'rganish muhitini barpo etishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.
Manba: UzA


