Jizzaxdagi ijod maktabining barcha bitiruvchilari talaba bo'ldi
Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining 35 nafar bitiruvchisi to'liq oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilindi.

Mustaqillikning 35 yilligini munosib kutib olish ishlariga Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi jamoasi o'ziga xos sovg'a tayyorladi. Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi mazkur ta'lim maskanining 2025–2026 o'quv yilidagi 35 nafar bitiruvchisining barchasi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirdi. Shunday qilib, maktab jamoasi uchun "35 yillikka — 35 bitiruvchi — 35 talaba" formulasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Yuqori natijalar va grant ko'rsatkichlari
Ma'lum qilinishicha, bitiruvchilarning o'rtacha kirish ko'rsatkichi 185,1 ballni tashkil etgan. Yoshlarning 25 nafari davlat granti asosida talabalikka erishgan bo'lsa, qolgan 10 nafar yosh to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilindi.
Nufuzli OTMlar va kelajak sari qadam
Maktab bitiruvchilari mamlakatimizdagi yetakchi universitet va akademiyalarni tanlashgan. Jumladan, ular quyidagi nufuzli oliygohlar talabalari safiga qo'shilishdi:
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
- O'zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
- Toshkent davlat tibbiyot universiteti
- O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti
- Toshkent davlat yuridik universiteti
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
- Jizzax davlat pedagogika universiteti
Erishilgan bu natijalar ortida ustozlarning fidokorona mehnati, ota-onalarning ko'magi va yoshlarning bilim olishga bo'lgan kuchli intilishi yotibdi. Ijod maktabida yaratilgan muhit o'quvchilarga chuqur bilim olish bilan birga mustaqil fikrlash va ijodiy qobiliyatlarini namoyon etish imkonini bermoqda.
Manba: UzA


