Karmana tumani hokimi maktab o'qituvchilarini majlisga chaqirib, tik turg'izib qo'ydi
Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev 9-maktab o'qituvchilarini hokimlikka chaqirib, tik turgan holda majlis o'tkazdi.
Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev maktab o'qituvchilarini hokimlik binosiga chaqirib, ularni tik turg'izib qo'ygan holda majlis o'tkazdi. Bu holat jamoatchilik e'tiborini tortdi.
Uchrashuv va uning tafsilotlari
Ma'lum bo'lishicha, hokim 12 mart kuni Hazora qishlog'idagi 9-umumta'lim maktabida yoshlar bilan uchrashuv o'tkazgan. Tadbir davomida Shohrux Boltayev o'quvchi va o'qituvchilarga turli savollar berib, she'r aytib berishni so'ragan. Biroq o'quvchilar hokimning ketma-ket bergan savollaridan hayajonlanib, she'r aytib berolmagan.
Uchrashuvdan so'ng hokim mazkur maktabning barcha o'qituvchilarini soat 17:00 da hokimlik binosiga olib borishni buyurgan. Asosan xotin-qizlardan iborat bo'lgan 46 nafar o'qituvchi avtobusda 30 kilometr yo'l bosib, belgilangan vaqtda hokimlikka yetib borgan.
Hokimlikdagi majlis
O'qituvchilarning so'zlariga ko'ra, ular soat 17:00 da yetib borib kutishgan va yarim soatlardan so'ng hokim kelgan. Barcha o'qituvchini tik oyoqda turg'izib qo'yib majlis o'tkazgan hokim qattiq gapirib, tuman ta'lim bo'limi vakillariga maktabda tekshiruv o'tkazish bo'yicha topshiriq bergan hamda direktor o'rinbosarlarining arizasini olishni talab qilgan. O'qituvchilarning ko'pchiligi ro'zador bo'lgan.
Hokim shu tariqa bir soatga yaqin majlis o'tkazib, o'qituvchilarga javob berib yuborgan. Qaytish yo'lida o'qituvchilar suv sotib olib og'iz ochishgan. Pedagoglar maktab tumanning oldi ta'lim muassasalaridan biri ekanini, bolalar hokim oldida hayajonlanib bilganini ham aytolmagan bo'lishi mumkinligini bildirishgan.
Hokimning munosabati
Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev holatga izoh berar ekan, o'quvchi va o'qituvchilar savollarga javob berisholmaganini ta'kidlagan. Uning so'zlariga ko'ra, mazkur maktabda bitiruvchilarning OTMga kirish ko'rsatkichi 3 yildirki 50 foizdan oshmayapti. Hokim tumanda ta'lim sifatini ko'tarishga harakat qilayotganini, o'sha kuni yoshlar bilan uchrashuvdan so'ng majlisi bo'lgani sababli avtobus gaplashib, o'qituvchilarni hokimlikka yig'ganini, 10 daqiqa gaplashib javob berganini va o'sha maktabga yana borib o'qituvchilar bilan uchrashishini ma'lum qilgan.
Manba: Kun.uz


