Namangan viloyatida maktabgacha ta'lim qamrovi va zamonaviy bog'chalar soni oshmoqda
Namangan viloyatida maktabgacha ta'lim muassasalari soni 4042 taga yetib, qamrov ko'rsatkichi 78,2 foizni tashkil etdi.

Mamlakatimizda kelajak avlodni barkamol qilib tarbiyalash hamda maktabgacha ta'lim qamrovini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, Namangan viloyatida ham zamonaviy bolalar bog'chalari nafaqat markazda, balki olis hududlarda ham qad rostlamoqda.
Uychi tumanidagi Gulbog' mahallasida 50 yil avval qurilgan eskirgan bino o'rnida 46-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Investitsiya dasturi doirasida 3,6 milliard so'm mablag' sarflanib, 120 o'rinli zamonaviy maskan bunyod etildi. Mazkur muassasada "Yaponiya tajribasi"ni joriy etish maqsadida ilk jihozlash ishlari boshlab yuborildi. Bog'chaning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov va jamoatchilik vakillari qatnashib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
Maktabgacha ta'limdagi ko'rsatkichlar
- Namangan viloyatida 2026-yilning yanvar holatiga ko'ra, jami maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni 4042 taga yetdi.
- Shundan 625 tasi davlat bog'chalari bo'lsa, 3417 tasi xususiy, davlat-xususiy sheriklik va oilaviy turdagi nodavlat muassasalardir.
- Viloyatdagi 3-7 yoshdagi 288 ming 317 nafar boladan 225 ming 397 nafari, ya'ni 78,2 foizi ta'limga qamrab olindi.
- Uychi tumanida qamrov ko'rsatkichi 2016-yildagi 37 foizdan bugunga kelib 97 foizdan oshdi va 22 ming 351 nafar bola bog'chaga jalb etildi.
Manba: UzA

