Karmana tumani hokimi o'qituvchilarni izza qilgani bo'yicha vazir izoh berdi
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi matbuot anjumanida o'qituvchilarni izza qilgan Karmana tumani hokimiga ko'rilgan chora haqida ma'lumot berildi.
21 aprel kuni Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi matbuot anjumani o'tkazdi. Tadbirda vazir E'zoza Karimova qatnashdi.
Matbuot anjumanida Karmana tumani hokimiga nisbatan qo'llanilgan choralar xususida savol berildi. Vazir tuman hokimi keyinchalik maktabga borib uzr so'raganini ma'lum qildi.
Vazirning so'zlariga ko'ra, Hazora qishlog'ida yoshlar bilan uchrashuvga 9-maktabning yuqori sinf o'quvchilari jalb qilinishi belgilangan. Biroq hokim kech qolgan. Ikki soat kutgandan keyin charchab qolgan o'quvchilar uchrashuvda faol bo'lishmagan. Natijada hokim o'quvchilar faol bo'lmadi, deb ustozlarni ayblagan. Haqiqatan ham o'qituvchilarni avtobusga mindirib, tuman hokimligi binosiga olib borib ariza yozdirib olish holatlari bo'lgan.
Shuningdek, Shohrux Boltayev voqeadan bir necha kun o'tib o'sha maktabga borgan va o'qituvchilardan kechirim so'ragan. Holat nazoratga olingani, jumladan, Navoiy viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o'tkazishi bo'yicha alohida xat chiqarilgani aytildi. O'sha paytda Navoiy viloyati hokimi xorijiy safarda bo'lgani sababli u bilan ham bog'lanib gaplashilgan.
Tuman hokimi ikki kundan keyin maktabga gul bilan borib, ustozlardan uzr so'ragani, shuningdek, tashakkurnomalar va sovg'alar berib kelgani ta'kidlandi.
Avvalroq Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev 46 nafar o'qituvchini hokimlikka yig'ib, qariyb bir soat tik turg'izib qo'ygani ma'lum bo'lgandi. Ularning aksariyati ayollar va ro'zadorlar bo'lgan. Hokim bu holatni ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan chora deb izohlagan edi. Navoiy viloyati hokimligi o'z rasmiy bayonotida holat nazoratga olinib, mas'ullar tomonidan o'rganilayotganini bildirgan bo'lsa-da, oradan bir oydan ko'p vaqt o'tganiga qaramay o'rganish natijasini e'lon qilmagandi.
Manba: Kun.uz


