Magistraturada xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar tengsizlikmi yoki ijtimoiy qo'llab-quvvatlash?
Magistratura bosqichida ayol-qizlar uchun joriy etilgan qo'shimcha imkoniyatlar va ularning jamiyatdagi muhim ahamiyati haqida.

So'nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning ta'lim olishi, kasbiy salohiyatini oshirishi hamda ilm-fan bilan shug'ullanishi uchun keng shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, magistratura bosqichida xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Mutaxassislar mazkur ko'makni kimgadir qarshi qaratilgan imtiyoz yoki tengsizlik deb emas, balki xotin-qizlarning ilm-fan va ta'limdagi ishtirokini rag'batlantiruvchi muhim ijtimoiy ko'mak sifatida baholash lozimligini ta'kidlashmoqda.
Nega aynan magistratura bosqichi tanlangan?
Magistratura talabalarning ta'lim jarayonidan kasbiy faoliyat hamda ilmiy izlanishlarga o'tish davri hisoblanadi. Odatda, aynan shu bosqich ko'plab qizlarning hayotida oila qurish, farzand tarbiyasi hamda o'qish va kasbiy faoliyatni bir vaqtda olib borish kabi mas'uliyatli davrga to'g'ri keladi. Bunday murakkab sharoitda ayrim xotin-qizlar o'qishni davom ettirish yoki oilaviy majburiyatlar o'rtasida tanlov qilishga majbur bo'lishi kuzatiladi. Shu bois, davlat tomonidan yaratilayotgan qo'shimcha imkoniyatlar ularning yo'lidagi to'siqlarni kamaytirish, ta'lim olishi va o'z salohiyatini to'laqonli ro'yobga chiqarishiga ko'maklashadi.
Erkaklar uchun ham qo'llab-quvvatlash mexanizmlari mavjudmi?
Jamiyatda ayollarga berilayotgan bunday imkoniyatlar erkaklarga nisbatan adolatsizlikni keltirib chiqarmaydimi, degan savollar ham o'rtaga tashlanmoqda. Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma'lumotiga ko'ra, erkak talabalar uchun ham davlat grantlari, stipendiyalar, ta'lim kreditlari hamda boshqa qo'llab-quvvatlash mexanizmlari mavjud. Davlat siyosatida ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish umumiy ustuvor yo'nalish bo'lib qoladi, turli toifalar uchun esa ehtiyoj hamda mavjud sharoitdan kelib chiqib qo'shimcha choralar belgilanadi.
Ta'lim bu raqobat emas, balki mamlakat taraqqiyoti omilidir. Jamiyatda bir insonga taqdim etilgan imkoniyatni boshqa bir insonning imkoniyati qisqarishi sifatida qabul qilish aslo to'g'ri emas. Aksincha, ko'proq yoshlar, jumladan, xotin-qizlarning sifatli ta'lim olishi yurtimizning intellektual va kasbiy salohiyatini yanada yuksaltiradi. Shu sababli magistraturadagi qo'llab-quvvatlash choralarini tengsizlik sifatida emas, balki inson kapitalini rivojlantirish va xotin-qizlarning faolligini oshirish yo'lidagi muhim siyosat sifatida baholash zarur.
Manba: UzA



