Maktablarda jismoniy tarbiya fanini o'qitish va o'qituvchilar salohiyatini oshirish choralari
Maktablarda jismoniy tarbiya darslari samaradorligini oshirish, o'qituvchilar malakasini baholash va o'quvchilar sport sinovlarini joriy etish borasida ishlar olib borilmoqda.

Xalqaro miqyosdagi yirik g'alabalarga erishgan o'zbekistonlik taniqli sportchilar va chempionlarning ilk qadamlari maktabdan boshlangan. Yoshlarda sportga bo'lgan qiziqishni uyg'otishda jismoniy tarbiya o'qituvchilarining o'rni beqiyosdir. Shu bois yurtimizdagi maktablarda bu fanni o'qitish sifatini yaxshilashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Sport infratuzilmasi va yangi qarorlar
2018 yildan boshlab sport ta'limini takomillashtirish, malakali murabbiylarni tayyorlash, sport zallarini qurish, ta'mirlash va zarur inventarlar bilan ta'minlash yo'lida keng ko'lamli ishlar bajarildi. Natijada yillar davomida e'tibordan chetda qolgan maktab sport zallari zamonaviy ko'rinishga keldi.
Prezidentning 2024 yil 15 noyabrdagi “Umumiy o'rta ta'lim maktablarida jismoniy tarbiya fani o'qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o'qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Hujjat jismoniy tarbiya o'qituvchilarining bilimini oshirish, o'quvchilarning musobaqalardagi ishtirokini baholash va reyting tizimini yaratishga zamin yaratdi.
Malaka sinovlari va sport sinovlari
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Sport vazirligi hamkorligida jismoniy tarbiya o'qituvchilari uchun malaka sinovlari tashkil etildi. Bu darslarni zamonaviy texnologiyalar va ilg'or xorijiy tajribalar asosida o'tishni ta'minlamoqda. Shuningdek, o'quvchilardan sport sinovlarini qabul qilish yo'lga qo'yildi.
O'tgan yilning 1 aprel-17 may kunlari respublikadagi 10 134 ta umumiy o'rta ta'lim maktablarining o'qituvchilari ko'magida 5 million 259 ming nafar 1-11 sinf o'quvchilari sport sinovlarini topshirish uchun elektron tizimga kiritildi.
Seleksiya ishlari va baholash tizimi
Sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 208 ta tuman va shahardagi 254 ta sport maktabining 1 ming 890 nafar trener-seleksionerlari 9 ming 453 ta mahallaga biriktirildi. Kelgusida jismoniy tarbiya o'qituvchilarining malaka toifasi ularning o'quvchilari erishgan sport yutuqlari va reyting ko'rsatkichlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Manba: UzA


