Maktablarda jismoniy tarbiya o'qituvchilariga toifa berishning yangi tartibi tasdiqlandi
Umumiy o'rta ta'lim muassasalarining jismoniy tarbiya fani o'qituvchilariga malaka toifasini berish bo'yicha ikki bosqichli yangi tizim joriy etildi.
Prezidentning maktablarda jismoniy tarbiya fanini o'qitishni takomillashtirish hamda pedagoglarning kasbiy faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Sport vazirligi qo'shma qaror qabul qildi.
Mazkur hujjatga asosan, umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarining jismoniy tarbiya o'qituvchilariga toifa berish jarayoni ikki bosqichli yangi tartib asosida amalga oshiriladi. Birinchi bosqich Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan test sinovlari shaklida o'tkazilib, unda pedagogning kasb standarti va mutaxassislik fani bo'yicha bilimlari baholanadi.
Birinchi va ikkinchi bosqich imtihonlari tafsilotlari
- Birinchi bosqichda o'qituvchilarga mutaxassislik fanidan 35 ta hamda kasb standartidan 5 ta, jami 40 ta test topshirig'i taqdim etiladi.
- Har bir to'g'ri javob 1 ball bilan baholanib, ushbu bosqichda to'plash mumkin bo'lgan maksimal natija 40 ballni tashkil qiladi.
- Ikkinchi bosqichda esa Sport vazirligi tomonidan amaliy imtihonlar tashkil etiladi.
- Amaliy sinovlar davomida o'qituvchining jismoniy tayyorgarlik darajasi normativlari 20 ball, shuningdek, sport turlari bo'yicha mashqlar texnikasi 40 ball asosida baholanadi.
- Natijada, amaliy imtihon uchun umumiy hisobda 60 ball ajratilgan.
Qaror bilan birga umumta'lim maktablarining jismoniy tarbiya o'qituvchilari uchun amaliy imtihon sinovlarining jismoniy tayyorgarlik darajasi normativlari, sport turlari bo'yicha mashqlar texnikasi hamda baholash mezonlari ham rasman tasdiqlandi.
Eslatib o'tamiz, mazkur tartib 2025–2026 o'quv yilidan boshlab, aniqrog'i 2025 yilning avgust–dekabr oylarida o'tkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasidan boshlab joriy etila boshlagan.
Manba: Kun.uz


